SCIVAL ANALITIK tizimidan samarali foydalanish

Niderlandiyaning Elsevier komaniyasining mahsulotlaridan biri bo‘lgan, SciVal analitik tizimi, ilmiy tadqiqot natijalarini tahlil qilish, tizimda mavjud OTM hamda ITMlardagi ilmiy natijalarni ilm ahliga yetkazishga va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan. Joriy yilning 2 may sanasida, Niderlandiyaning Elsevier komaniyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida imzolangan “Ilm-fan 2020” loyihasi doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Aliya Ospanova  ishtirokida SciVal analitik tizimidan samarali foydalanish bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad TIQXMMIda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda magistrantlarning o‘z ilmiy ishlarini tizimli tashkil etishlari va ilmiy tadqiqot natijalarini xalqaro ilg‘or ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda chop ettirishlariga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Dastavval, Aliya Ospanova  SciVal analitik tizimidan samarali foydalanish bo‘yicha qisqacha ma’lumot berib o‘tdi va tadbir ishtirokchilarda, mazkur tizim veb sahifasiga kirish orqali tizimdan foydalanish bo‘yicha ko‘nikma hosil qildi. Tizimning asosiy afzalliklaridan biri, jahonning eng sara universitetlari va ularda faoliyat yuritib kelayotgan olimlar bilan aynan bir nechta sohalarda ilmiy hamkorliklar o‘rnatishda muhim bir omil bo‘lib xizmat qilishi bilan bir qatorda, OTMning ilmiy sohadagi natijalarini taqqoslab ko‘rish imkoniyatini ham yaratadi.

Qo‘shimcha qilar ekan, TIQXMMIning xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini topishida xalqaro ilmiy jurnallarda institut professor-o‘qituvchilarining Scopus ma’lumotlar bazasi tarkibidagi jurnallarga ilmiy maqolalarni tayyorlash, ularni mazkur baza talablari asosida taqdim etishlari hamda xorijlik hammualliflarning mavjudligi, taqdim etilayotgan ilmiy maqolalarga qilinadigan iqtibosliklarni ko‘payishiga turtki bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Quvonarlisi shuki, Quacquarelli Symonds (QS) Dunyo universitetlari ro‘yxatini e’lon qilganida, Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda Scopus ro‘yxatidagi jurnallarda OTM xodimlariga tegishli bo‘lgan ilmiy ishlar jamlanmasidan foydalanishi, tadbir ishtirokchilarida ushbu ma’lumotlar bazalarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirdi.

Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i G‘. G‘oziev axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov