Xalqimizning “Bir yigitga yetmish hunar ham oz”degan naqli bor. Darhaqiqat, bu gapda teran maʼno mujassam. Sababi yigit kishi ertaga oila boshligʻi, oilaning suyangan togʻi boʻladi. Shu sababli yigitlarimizning iqtidorlarini sinab koʻrish uchun “Yer resurslarini boshqarish” fakultetining yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan muovini Hurriyat Eshova tashabbusi bilan talabalar turar joyida oʻgʻil bolalar oʻrtasida osh musobaqasi oʻtkazildi.
Musobaqa juda qiziqarli tarzda boʻlib oʻtdi. Bu musobaqa chin maʼnoda milliylik va anʼanalar targʻiboti tadbiriga aylandi. Ushbu musobaqadan maqsad ham talaba yigitlarimizning milliy taomimiz boʻlmish “palovxontoʻra”ni tayyorlash usuli, anʼanalarini va ularni pazandalik mahorati qay darajada ekanligini baholashdan iborat edi. Unda fakultetning mard va jasur yigitlari qoʻl bola osh damlashdi. Keksalarimiz bejizga aytishmagan, yigit kishini qoʻli shirin boʻladi deb. Bugungi musobaqada talaba yigitlarimiz tayyorlagan osh juda ham totli boʻldi va bu barcha yigʻilganlarga manzur boʻldi. Musobaqa gʻoliblariga fakultet dekani Z.Muqimov tomonidan faxriy yorliqlarni dekan muovini H.Eshova topshirdi.
YERB fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov