Teran tomirlari tutashib ketgan, matlabi, maqsadi, maslaki, niyatlari mushtarak bo‘lgan o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining do‘stligi uzoq davrlarga borib bog‘lanadi. Nizomiy Ganjaviydan ilhomlangan holda turkiy tilda ilk “Xamsa”ni yozgan Alisher Navoiy ozarbayjonning buyuk mutafakkiri, muqtadir shoir Nizomiy Ganjaviyni o‘ziga ustoz sanagani tarixdan ma’lum. Adabiy-madaniy aloqalar uzoq asrlarga borib bog‘langani singari ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlar ham har ikkala qardosh xalqning tarixiga zarhal harflar bilan yozilgusidir.
Joriy yilning 12 sentyabrida institutimizda Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy konsert dasturi talabalarimizga ancha xush keldi. Tadbirni institutning Yoshlar masalasi bo‘yicha prorektori Qodirjon Shovazov kirish nutqi bilan ochib berdilar. Davlatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan uyg‘un holda tashkil etilgan ushbu tadbirda Ozarbayjon milliy madaniyat markazining rahbari Samir muallim ham ishtirok etib so‘zga chiqdi. Har ikkala qardosh xalqning do‘stligi borasida samimiy tabrik va dil izhorlarini bildirib o‘tdilar. So‘ngra ozarbayjonlik qardosh san’atkorlar ijrosida konsert dasturi boshlandi. Kuni kecha Prezidentimizning tashabbusi bilan Shahrisabzda tashkil etilgan Xalqaro “Maqom” festivalida birinchi mukofotning sohibasi sifatida e’tirof etilgan Nigarxonim Shabanovaning tadbirda qatnashishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. U o‘zining lirik va maqom yo‘lidagi qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritdi. Ayniqsa, Ozarbayjon xalq artisti Gulyanoq Mamedovaning diltortar ashulalari barchani davraga raqsga chorladi. 2017 yili O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Sharq taronalari” musiqa festivalining Gran-pri nishondori Sohib Podshozoda, Bokudagi “Xalqaro mug‘om”festivalining g‘olibi Abgul Mirzaalievlarning chiqishlari, san’atkorlik mahorati hammani hayratga soldi. Ko‘chatxonimning ozarbayjon go‘zal qizlaridan tarkib topgan ijodiy dastasining jozibador raqsi tadbirga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.Bayramona ruhda o‘tgan ushbu tadbir barchada iliq taassurot qoldirgani aniq.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov