Bolalik – beg’uborlik

Bola – bu so`zni eshitganimizda ko`z oldimizga quvnoq, o`yinqaroq yosh avlod gavdalanadi. Ularning kulgusi,  ko`zlaridagi quvonchi butun olamni yoritadigandek go`yo. Xalqimiz juda ham bolajon xalq. Yurtimizda yoshlarga juda ham katta e’tibor berilib kelinadi. Shu jumladan, bizning institutimiz a`zolari ham bolalarning quvonchini ko`rishga shaylandilar. Ana shunday ezgu g`oyani amalga oshirishga shaylangan holatda 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati va institutning Yoshlar Ittifoqi Boshlang`ich tashkiloti faol talabalari bilan birgalikda “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida Respublika Onkologiya markazida xayriya tadbiri o`tkazildi.

Tadbir boshlanishidan oldin talabalarimiz multfilm qahramonlari bilan birgalikda o`zlarining olib kelgan ko`krak nishonlarini bolalarga ulashdilar. So`ng tadbirni ochib berish uchun so`zga institutimizning professor o`qituvchilari  chiqdilar. Tadbir juda ham qiziqarli hamda turli o`yinlarga boy bo`ldi. Bolajonlarning o`zlari yod olgan she`rlari tadbirga ko`rk bag`ishladi. Bayramimizda “Chuchuva”, “Oshxona shashkasi”, “Kim chaqqon”, “Pantomima”  kabi o`yinlar bo`lib o`tdi. Shu bilan birgalikda bolalarni bayram bilan tabriklash uchun qo`shiqchilar ham tashrif buyurdilar.

Institutimizning “Yosh targ`ibotchilar” jamoasi ham o`zlarining chiqishlari bilan bolalarga quvonch ulashdilar. Tadbirning yakunida bolalar bizlar uchun o`z qo`llari bilan ranglar orqali dastxat tushirib berdilar. So`ng institutimiz talabalari tomonidan bolajonlarga estalik sovg`alari tarqatildi. Shuningdek, bolajonlarning ota-onalariga ham institutimiz a`zolari tomonidan  moddiy yordam ko`rsatildi. Shu tadbirni o`tkazishdagi qo`shgan o`z hissasi uchun institutimizning barcha-barcha a`zolariga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bemalol aytishimiz mumkin-ki, sizdek insonlarning ko`maklari asosida 2018-yilning 31-may kuni o`tkazilgan xayriya tadbiri bolalarga unutilmas quvonch bag`ishladi.    

  

Institut Yoshlar Kengashi media guruh rahbari Ulug’bek Manzirboyev axboroti,

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.