Mazmundor hayot yo‘li

Ilm-fan va ta’lim-tarbiyaga o‘z umrini baxsh etish va xalq xizmatida kamarbasta bo‘lgan shogirdlari bilan uchrashuv akademik Hamraev Najim Raximovichning ruhini shodlantirsin. Ustoz mehr-muhabbat va muruvvat tushunchalarini chuqur idrok etadi. Ularning o‘zaro bog‘liqligini ilmiy-pedagogik jarayonda amaliy tarzda his etardilar. Institutimiz fondiga 2500 dan ortiq ilmiy va badiiy kitoblarni sovg‘a qilishi ham shundan dalolatdir.

Ular bilan bog‘liq bo‘lgan tadbir nihoyatda mazmunli va hayajonga boy bo‘ldi. Tadbirda nufuzli mehmonlar, fan doktorlari, akademiklar va akademikning oila a’zolari ishtirok etdi. Tadbirni institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevich ochib berdilar.

Najim Hamraevning do‘stlari ular ta’rifida gapirar ekanlar, ustozning ilm-ma’rifatga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori cheksiz bo‘lganligini ta’kidlashdi. Minglab shogirdlarni ustozi bo‘lgan Najim Raximovich o‘ziga xos mazmunli hayot yo‘lini bosib o‘tganligiga aslo shubha yo‘q. Mana bu ilmiy daraja va unvonlar ro‘yxati fikrimiz kafolatidir.

O‘zbekiston va Rossiya qishloq xo‘jalik fanlari akademiyalarining akademigi, Biosfera xalqaro fanlar akademiyasining akademigi, texnika fanlari doktori, professor Amerika gidrologlari instituti a’zosi, O‘zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, Qoraqalpog‘iston respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi nishonlariga ega bo‘lgan ustoz Najim Raximovich Hamraev 223 ta ilmiy maqola, 12 ta monografiyaning muallifidir. Shuningdek, 40 ta patent va ixtirolarning mualliflik guvohnomalari sohibidir. 

Tadbirdan so‘ng mehmonlar uchun institut talabalar oshxonasida dasturxon tuzatildi va ular sharafiga osh tortildi.

Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov