2018 - yil 5 - aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi o‘qituvchi xodimlari Gulnora Axmedjanova, Saltanat Kasimbetova, Maxbuba Xaitova, Aleksandr Daledudka, Shoxrux Azizov, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Navro‘z bayrami tarixi haqida” davra suhbati o‘tkazishdi.
Navro‘z (Navruz) bayrami fors-tojik va turkiy xalqlarning qadimiy bayramlaridan biridir.
Bu bayram 21-mart kuni nishonlanb, aynan kun va tun teng bo‘lgan paytga mos keladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha va olimlarimiz fikriga ko‘ra, Navro‘zning shakllanish davri – eng qadimgi zamonlardan „zardushtiylik“ning paydo bo‘lishigacha davom etgan asrlarni o‘z ichiga olgan ekan. Navro‘z so‘zi fors-tojik tilidan olingan bo‘lib “Yangi kun” degan ma’noni bildiradi. Qadim-qadimdan Navro‘z xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. O‘sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to‘xtalgan, gina-kuduratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlashgan, ayrim mahbuslarning gunohidan o‘tishgan.
Bahor va yangi ayyom har bir yurakdan muhim joy olgan quvonchli damlarda ko‘pchilikning „Navro‘z qayerda va qachon paydo bo‘lgan ekan?“ — degan savoliga „Saodat“ jurnalida e’lon qilingan „Onaqutining saxovati“ maqolasida bunga asosli javob berilgan. Qadimda ajdodlarimiz Navro‘z kunlari qishki manzillari — qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari -yozloqlarga ko‘chib o‘tishgan. Dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan.Dehqonlar erga qo‘sh solishgan.Jamoa-jamoa bo‘lib, hasharlar uyushtirishgan.o‘tgan ajdodlar ruhi yod qilingan.Ommaviy ravishda me’vali, manzarali daraxtlar o‘tqazilgan.Dalalarda, yozloqlarda Navro‘z — yangi yil, yangi hayot qaynagan. Ajdodlarimiz Navro‘z bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navro‘z taomlari ham o‘ziga xos bo‘lgan. Ular orasida, ayniqsa, sumalak, halim tayyorlash an’anaviy tusga kirgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol bo‘lgan. Ular Navro‘z bayramida turli ommaviy bayram o‘yinlari o‘ynaganlar.
4 - TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti,
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov