“Ispaniya irrigatsiya va melioratsiya tarixi”

2020 yil 28 fevral kuni Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash fakulteti taklifiga binoan institutimizga tashrif buyurgan Yevropaning taniqli olimi, Ispaniyaning Barselona shahridagi Leida universiteti professori Flosel Sabate Kurull “Ispaniya irrigatsiya va melioratsiya tarixi” mavzusida ma’ruza qildi. Flosel Sabate o‘z ma’ruzasida institutimiz talabalariga Ispaniyaga arablarning bostirib kirishi va ularning u yerdagi hukmronlik davridagi irrigatsiya va melioratsiya sohasining rivojlanish holatiga to‘xtalib o‘tdi. Arablar Ispaniyaga kelgandan keyin irrigatsiya va melioratsiya sohalarida muhim o‘zgarishlar yuz bergan. Ular daryo bo‘ylarida turli murakkab muhandislik yechimiga ega bo‘lgan to‘g‘onlar, suvlarni saqlash uchun sardobalar va yer osti korizlarini barpo etishgan. Ularning ba’zilari bugungi kunda ham mavjud va irrigatsiya sohasida foydalaniladi.

Ma’ruzada “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish”, “Gidromelioratsiya” va “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakulteti talabalari faol ishtirok etishdi va ma’ruza mavzusi bo‘yicha qator savollariga javob olishdi.

 

Tadbirda ishtirok etgan “Gumanitar fanlar” kafedrasining mudiri Sh.M.O‘ljaeva ma’ruzani tinglab, bu kabi inshootlarning murakkab tizimlari O‘rta Osiyo tarixida ham mavjud bo‘lgani, yerosti sizot suvlarini yig‘adigan yer osti kanallari qurilgani, cho‘l hududlarida sardobalarda doimiy ravishda suv bo‘lgani, ular bir yilgacha o‘z xususiyatini saqlab turgani haqida ma’lumot berib o‘tdi.

 

Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri t.f.d., professor Sh.O‘ljaeva ma’lumoti