Dunyo miqyosida koronavirus infektsiyasi keng tarqalib borayotgan bir sharoitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev biz – yoshlarni ham qoʼllab-quvvatlamoqda. Xususan, davlatimiz rahbari xalqimizga murojaatida “Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʼquvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman: Аziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʼtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʼzlashtiring. Kitob oʼqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang” deya taʼkidladi.
Bu chaqiriq barcha yoshlarni tushkun kayfiyatga berilmasdan, oʼqish va izlanishga chorladi, zoʼr qudrat, ilhom berdi. Prezidentimiz bizdan tashabbuskorlik, hamjihatlik, kelajakka boʼlgan ishonchni yanada oshirib, intilish va bilim olishni, mehnat qilishni, kichiklarga oʼrnak boʼlib, kattalardan hayotiy bilimlarni oʼrganishimizni soʼramoqda.
Sir emas, bugun oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri boʼlib qoldi. Shu bois, davlatimiz rahbari 8 aprelь kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʼlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida aholini oʼz tomorqasidan unumli foydalanishga chaqirdi.
Аziz tengdoshlar, hurmatli yoshlar!
Shunday ekan, onlayn darslarni mukammal oʼzlashtirib, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda oʼzimiz istiqomat qilayotgan qishloqda, oilamiz tomorqasida meva-sabzavot va poliz ekinlari ekish ishlariga faol koʼmaklashaylik! Bu bilan, avvalo, oilamiz, xalqimiz dasturxoni farovonligiga koʼmaklashamiz, oʼz navbatida, jismoniy chiniqib, faolligimiz oshadi. Shuningdek, ustozlardan olgan saboqlarni amaliyotga joriy etish va muntazam ravishda onlayn maslahatlar olib borish imkoniga ega boʼlamiz. Shu jarayonda ziyoli qatlamning boʼlajak vakili sifatida tomorqa ekinlarini ekish va yetishtirishda mamlakatimiz tomonidan joriy etilayotgan imtiyozlar va preferentsiyalar bilan aholini tanishtirib borishga hissa qoʼshaylik. Bir soʼz bilan aytganda, “Er xazina – tomorqa bebaho boylik” tadbirlarida faol ishtirok etib, har birimiz namuna boʼlishga erishaylik. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ota-onalarimiz oldida turib, tomorqada ish tashkil qilishni va samarali foyda olishni yuqori darajaga koʼtaraylik, shaxsiy oʼrnak koʼrsataylik, faollikni namoyon qilaylik.
Аlbatta, “Sogʼlom tanda – sogʼ aql” shiori bilan birlashib, Prezidentimiz gʼoyalariga sadoqatimizni namoyon etaylik. Аyniqsa, bu jarayonda qishloq va suv xoʼjaligi sohasidagi oliy taʼlim muassasalari talabalari tashabbuskor va oldingi safda turishi kerak. Аziz doʼstlar, yana bir bor barchangizga sogʼlik-salomatlik tilaymiz. Yurtimizdan bu sinovli kunlar tezroq tugashiga va qiyinchiliklarni uyda qolib, sabr bilan yengib oʼtishimizga ishonamiz. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatida yanada masʼuliyatli va faol boʼlishingizni soʼraymiz.
Yoshlar ittifoqining Toshkent irrigatsiya va qishloq
xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti boshlangʼich tashkiloti
talabalar kengashi.