Taraqqiyot, dunyoda aholi soni o‘sishi va iqtisodiyotning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi yer resurslari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabning yildan-yilga ortishiga olib keladi. Shunday murakkab sharoitda ulardan oqilona va tejamli foydalanish, tuproqning meliorativ holati hamda unumdorligini yaxshilash orqali ekinlar hosildorligini oshirish muhim talabdir.
Bugun 17 aprel 2018 yil 13:30 da institutimiz Atrof muhit muhofazasi yo‘nalishida tahsil olayotgan 1 kurs magistrantlariga “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi professori Egamberdiev No‘mon Babaevich “Tuproq resurslarini muxofaza qilish” mavzusida Ochiq ma’ruza taqdim etdi. Ma’ruzada kafedra professor-o‘qituvchilari, Ekogis markazi xodimlari hamda O‘quv - metodika boshqarmasi metodisti Maftuna Toshevalar ishtirok etishdi.
Professor o‘z ma’ruzasini sohaga oid tashkiliy-huquqiy “poydevorlar” bilan tanishtirdi: O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi, Shaharsozlik kodeksi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlarda tuproq unumdorligini muhofaza qilishga oid normalar ko‘rsatib o‘tilgan. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2007 yil 29 oktyabrdagi “Erlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga alohida e’tibor qaratilayotgani buning yorqin tasdig‘idir. Ushbu huquqiy hujjatlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada barqaror rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
Shundan so‘ng, tuproq unumdorligi va ekinlar hosilining pasayishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga barham berishga e’tibor kuchaytirilganligi, gidromeliorativ tizimlar, kollektor zovur va sug‘orish tarmoqlari ta’mirlandi, ularning texnik holati yaxshilandi, sug‘orishni takomillashtirish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish tadbirlari bajarilishi, sohadagi sa’y-harakatlar sifat va mantiq jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, tuproq unumdorligini yanada yaxshilash, undagi eroziya, degradatsiya, sho‘rlanish, cho‘llashish jarayonlarining oldini olish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi aytib o‘tdi.
O‘quv-metodika boshqarmasi metodisti Maftuna Tosheva axboroti