2018 yil 9 fevral kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya fakulteti”, “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi o‘qituvchi xodimlari Shoxida Raupova va Dilfuza Madazizova, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan “Ulug‘larni yod etib” nomli adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi.
Alisher Navoiy turk dunyosi adabiyotining eng mashxur vakilidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik ko‘p va xo‘b yozmagan edi. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir.
Chunki, u o‘zini “Xitoydan to Xurosongacha yoyilgan turkiy qavm”larning xos shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog‘i ostida birlashtirdi, “yakqalam” qildi. Buyuk shoir taqdir taqozosi bilan Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab o‘tdi. Qadim zamonlardan, shu jumladan, Navoiy yashagan davrdan buyon ham Xuroson va Movarounnahr bir mamlakat bo‘lib, bir taxt egasi ixtiyorida kelganligi va axolisining asosiy nufuzini turkiy xalqlar tashkil etganligi ma’lum.
Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiyning tili Andijon shevasi bilan “rost”ligini aytadi. Binobarin, biz qadim turning eng muhim bugunini tashkil etgan va bugun o‘zbek millati bo‘lib shakllangan O‘zbekiston ahli buyuk Navoiyning bevosita vorislaridurmiz.
G‘azal mulkining sultoni Navoiy nafaqat she’riyat, balki ko‘ngillarning ham sultoni edi. U umr bo‘yi el uchun, xalq uchun yashadi. Shu bois ham buyuk ajdodimiz shunday deydi: “Odami ersang, demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”.
Buyuk Alisherning qalbi buyuk edi. Uning qalb xayajonlarida nafaqat butun elning, millatning, balki jaxon xalqlarining insoniyatning aks sadosi bor edi. El desa Navoiyni, biz ham uni ustoz deymiz, pir deymiz va albatta, buyuk merosini o‘rganib, ibrat olamiz.
Besh asrkim nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Tadbir juda chiroyli va sermazmun o‘tdi.
4 –TTJ tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov