Bugungi kunda ta’limga ayniqsa, maktablarda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, o‘tilayotgan fanlar sifatini, o‘qituvchilar salohiyatini har tamonlama oshirish hamda ularni qo‘llab quvvatlashga bo‘lgan e’tibor bugun har qachongidanda muhim vazifa hisoblanadi. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga bag‘ishlangan bayram tabrigida “«Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi», - degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans–milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi” deya ta’kidlagandilar.
Ushbu so‘zlar hozirda shu yurtga daxldorlik hissi bilan yashayotgan har bir fuqaroga dasturi amal bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy yil 1-mart kuni kuni, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limi tashabbusi bilan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 70-maktabda institutimizning iqtidorli talabalari hamda faol xodimlari ishtirokida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda yaqinda Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lgan D.Akbarov, iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Z.Xolmatov hamda institutning faol xodimlari O.Abdusamatov, A.Mutalov va O‘. Islomovlar ishtirok etishdi. Uchrashuv o‘quvchilar bilan qiziqarli savol-javob va suhbatlar tarzida olib borildi va ularga bolalar uchun chop etilgan jurnallar sovg‘a qilindi. Yakunda maktab o‘qituvchilari tomonidan bunday uchrashuvlarni ko‘proq tashkil etish, endigina yetishib kelayotgan yosh avlod uchun nechog‘liq katta ahamiyat kasb etishi yuzasidan o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berib o‘tishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati