Akademik Mirziyod Mirsaidov O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligiga qarashli yong‘in xavfsizligi institutida uchrashuv o‘tkazdi

Bu uchrashuvda iqtidorli magistrlar, doktorantlar, aniq va texnika fanlari bo‘yicha kafedralar mudirlari, fakultet dekanlari, institutning yetakchi professor va dotsentlari qatnashdilar. Boshqa Oliy o‘quv yurtlaridan farqli o‘laroq, bu Oliy o‘quv yurtida asosan magistrlar, PhD va DSc tayyorlanar ekan.

Uchrashuvni institutning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori x.f.n., dotsent, polkovnik X.M.Do‘smatov ochib, akademik M.Mirsaidov to‘g‘risida qisqacha axborot berdi va so‘zni M.Mirsaidovga berdi.

M.Mirsaidov o‘z so‘zida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida va muhtaram Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularga yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida gapirdi. Prezidentimizning 2017 yilning yanvar oyida harbiylar bilan uchrashuvda, O‘zR FA O‘simliklar ximiyasi institutida va Andijon viloyatida yoshlar to‘g‘risida va ilm-fanni rivojlantirish kerakligi haqida gapirgan gaplarini davra suhbati qatnashchilariga eslatib o‘tdi. Shu bilan birga yurtboshimizning fanda erishilgan yutuqlarning amaliyotga tadbiq qilinishiga katta e’tibor berayotganligiga, yuqori natijalarga erishgan ilmiy xodimlar albatta kelgusida taqdirlanishiga hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan to‘la imkoniyat yaratilayotganligi to‘g‘risida xam gapirib o‘tdi.

Hurmatli Prezidentimiz ilmdagi eng katta ilmiy natijalarni ilmiy tadqiqot va oliy o‘quv yurtlarida ishlayotgan yoshlardan kutayotganligini va bu bajarilayotgan ilmiy ishlar, innovatsiya g‘oyalari, yangi texnologiyalar va ularning tadbig‘i bilan yakunlanishi haqida ham M.Mirsaidov gapirdi.

Yoshlar va institut xodimlari tomonidan M.Mirsaidovga ko‘p savollar berildi.

 

Berilgan barcha savollarga M.Mirsaidov to‘liq javob qaytarishga harakat qildi.

Shu bilan birga M.Mirsaidov o‘z so‘zida ilmda yuqori natijalarga erishish uchun yoshlarimiz yaxshi o‘qishlari, o‘z kasblarini juda yaxshi egallashi, tinmasdan mehnat qilib har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lish uchun esa chet tillarini ham yaxshi bilishi va kitoblarni ko‘p o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi.

M.Mirsaidov kelajakda davlatimiz tomonidan qo‘yilayotgan dolzarb muammolarni yechish uchun bu institut yoshlari uchun yetarli sharoit yaratilganligini, bu institutning yoshlari kelajakda PhD va DSc ilmiy darajalariga erishib davlatimizning gullab yashnashi uchun o‘z xizmatlarini ayamasliklari kerakligini aytib o‘tdi.