Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning - “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” – degan gaplarida ham mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan yuksak e’tibor va keng imkoniyatlar o‘z tasdig‘ini topgan.
Gidromelioratsiya fakulteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan kafedraga qarashli “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh talabalari uchun Sirdaryo viloyatida joylashgan “Peng - Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida hamkorlik asosida tashkil etilgan ishlab chiqarish amaliyoti ham ayni yuqorida keltirilgan maqsadlarni ko‘zlagan. Korxona rahbariyati va ishchi-xodimlari tomonidan talabalarning o‘z nazariy bilimlarini amaliyot bilan yanada mustahkamlashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Talabalar amaliyot rahbari “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Daulet G‘ulomov boshchiligida o‘zlari ta’lim olayotgan “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” yo‘nalishi bo‘yicha tomchilatib sug‘orish tizimi elementlarini ishlab chiqarishdan to loyihalab, ekin maydonlariga o‘rnatilgunga qadar davom etadigan jarayonlar bilan to‘liq tanishishmoqda. “Peng - Sheng” korxonasi rahbariyatining ishonchi sabab bir guruh talabalar korxona xodimlari bilan bir safda Toshkent shahrida joylashgan UzEkspomarkazda tashkil etilgan Xalqaro savdo ko‘rgazmasida korxona mahsulotlari namoyishi bilan faol ishtirok etib qaytdilar.
Gidromelioratsiya fakulteti 307-guruh talabasi Azizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati