Xitoyning suv va qishloq xo'jaligi sohasidagi asosiy universiteti bilan o'zaro manfaatli hamkorlik o'rnatildi.

O'tgan haftada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) rektori O'.Umurzoqov rahbarligidagi institut va Suv xo'jaligi vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga safar qildi.

Safar davomida XXR suv va qishloq xo'jaligi sohasidagi asosiy universiteti, jahon reytingida birinchi 200 talikka kiruvchi, yuz yildan ortiqroq tarixga ega bo'lgan Xoxay universiteti bilan o'zaro manfaatli hamkorlik o'rnatildi.

Tomonlar professor-o'qituvchilar va talabalar o'rtasida almashinuvlar, bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta`lim hamda ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlashda qo'shma dasturlar, turli fondlar tanlovlari asosida hamkorlikdagi ilmiy loyiha takliflarini tayyorlash, raqamli va internet resurslaridan qo'shma ta`lim dasturlarida (masofaviy ta`lim va ye-anjumanlar) foydalanish, iqtidorli talabalarning qo'shma akademik dasturlardagi ishtiroklarini qo'llab-quvvatlash va tashkil etish, hamkorlikdagi ilmiy maqolalar chop etilishini qo'llab-quvvatlash kabi qator yo'nalishlarda hamkorlik qilishni ko'zda tutuvchi o'zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. 

Delegatsiya POWERCHINA kompaniyasi tomonidan barpo etilgan, zamonaviy fan-texnologiya yutuqlari darajasida jihozlangan suv xo'jaligi obektlari bilan tanishdi.  

TIQXMMI shuningdek, AQShdagi qishloq va suv xo'jaligi sohasidagi ilg'or oliy ta`lim muassasalaridan biri, dunyo reytingida 21-o'rinda turuvchi Kaliforniyaning UC Davis universiteti bilan ham ta`lim va innovatsion tadqiqotlar, professor-o'qituvchilar o'rtasida tajriba almashinuvi, ularning malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy kadrlarni tayyorlash, qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish kabi yo'nalishlarda hamkorlik qilish istiqbollarini belgilab oldi.