Ta'lim muassasasida tahsil olayotgan talabalarning o‘qish va yashash sharoitlari bilan bog‘liq muammolarning yechimi borasida qayg‘urish hamda chora-tadbirlar qabul qilish mussasa rahbarlarining doimiy diqqat markazida. Bu ta'lim va tarbiyaning sifatiga ham bevosita daxldordir.
Institutimiz rektorining tashabbusi bilan "Temir daftar"ga kiritilgan oilalarning fаzаndlari - talabalarimizning arzi dodlarini eshitish va ularga imkon darajada yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbir tashkil etildi. Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha institut prorektori R.Choriyev olib bordi. Fakultet dekanlari va muovinlari hamda yordamga muhtoj bo‘lgan talabalar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda talabalarning har biri bilan alohida gaplashilib, ularning yashash sharoiti atroflicha o‘rganildi.
Talabalarning aksariyati kontrakt to‘lov pulini to‘lashga imkoni yetmayotgani, shu borada yordam qilishni o‘tinib so‘rashdi. Ularning aksariyatiga yordam qilinishi ta'kidlandi va ijarada turganlarga shu kunning o‘zidayoq yotoqxonadan joy ajratildi. Prorektor talabalarga maslahatlar berish asnosida "Sizlar kelajakda ota-onalaringizga tayanch bo‘lib ularni boqishingiz, g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak. Ko‘pchiligingiz ishga joylashib ishlayotganingiz va chet tillarni o‘rganish uchun o‘quv kurslarida o‘qishga intilayotganingiz, bizni juda xursand qilayapti", - deb ta'kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida institut Xotin-qizlar kengashi raisi, Zuhra Ismoilova, "SXTE va B" fakulteti dekani Rashid Hakimov, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Farrux Irisov, Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi boshlig‘i Zuhriddin Haydarovlar mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
TIQXMMI matbuot xizmati