Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti Adham Mamataliyev rahbarligida “Gidromelioratsiya” fakulteti 2-kurs 202-guruh talabalari Toshkent shahridagi Xotira maydoniga tashrif buyurishdi. Bu tashrif 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan amalga oshirildi. Guruh talabalari u yerda Motamsaro ona haykalini ziyorat qildilar, Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish, shuningdek, bugungi tinch-osoyishta hayotimiz, dorilamon va farovon kunlarimiz, osuda turmushimiz uchun janggohlarda qon kechgan faxriylarga izzat-ikrom, hurmat-ehtirom ko‘rsatish barchamizning insoniy burchimiz ekanligi eslab o‘tildi. Bu tashrif talabalarda katta taassurotlar uyg‘otdi. Bu taassurotlar ularning ajdodlarimiz tarixi, matonati, bosib o‘tgan mardonavor yo‘llari, qahramonliklari haqida bilishlari, shu aziz diyor ulardan bizga meros ekanligi, voris sifatida ularning savobli ishlarini davom ettirish, jamiyatning rivojlanishida yuksak mas’uliyat yoshlarning zimmasida ekanligini chuqur anglashlarida muhim rol o‘ynaydi.
Dotsent Adham Mamataliyev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov