Joriy yilning 10 iyun kunidan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)da Qozoq-Nemis universiteti hamda TIQXMMI talabalari uchun xalqaro yozgi maktab o'z faoliyatini boshladi. Mazkur xalqaro yozgi maktab TIQXMMI hamda Qozoq-Nemis universiteti (QNU) talabalari uchun «Suv resurslaridan foydalanish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi» mavzusiga bag‘ishlangan. Kurs AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM), O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining (SXV) hamkorlikdagi «Suv, ta’lim va hamkorlik» (Smart Waters) loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Yozgi maktabda ishtirok etayotgan QNU talabalari Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston kabi mamlakatlar vakillaridir. Xalqaro yozgi maktabning asosiy maqsadi – kelgusida Markaziy Osiyo hududida qo‘llaniladigan bilim va ko‘nikmalarni QNU talabalariga yetkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, QNU va TIQXMMI talabalari o‘rtasida muloqot maydonini yaratish hamda mahalliy institutimizning ilmiy-texnik salohiyatidan foydalanishdan iborat.
O'quv mashg'ulotlari yuqori malaka va tajribaga ega bo'lgan TIQXMMI ning professorlari tomonidan nazariy, amaliy, laboratoriya va mustaqil mashg‘ulotlar ta'riqasida olib boriladi. Shuningdek, irrigatsiya va melioratsiya obyektlari, suvni tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan joylarda sayyor mashg‘ulotlar o‘tashlari ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, ikki haftalik o‘quv kursi mobaynida talabalar suv resurslarini havzalar darajasida boshqarish asoslari, irrigatsion tizimlarda oqimlarning oqish qonuniyati, gidrotexnik inshootlarning ekspluatatsion ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va nasoslar ekspluatatsiyasi, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari singari modullar bilan tanishishadi. Ma’ruza qismidan tashqari ishtirokchilar uchun sport-madaniy tadbirlar ham tayyorlangan. Xalqaro yozgi maktab 22 iyunga qadar davom etadi.
Xalqaro hamkorlik bo’limi uslubchisi Akbar Xamraliyev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov