Ilm yo‘lida tinimsiz izlanish

Joriy yilning 12 iyun sanasida, Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida imzolangan “Ilm-fan 2020” loyihasi doirasida TIQXMMI professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va talaba-magistrantlarining ilmiy ishlarini to‘g‘ri tashkil etishlari, ularning xalqaro ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanishlari, xorijlik hammualliflarni izlab topishlari uchun “Scival analitik tizimidan foydalanish” mavzusida Elsevier kompaniyasing analitik yechimlar bo‘yicha Rossiya va Markaziy Osiyodagi maslahatchisi Andrey Petrovich Loktev ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi qisqa muddatli tashrifidan unumli foydalangan holda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati tashabbusi bilan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda institutda faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar taklif etildi.

Ekspertning aytishicha, ma’lum bir sohada faoliyat yuritib kelayotgan olimlar ushbu sohada o‘z ilmiy faoliyatini olib borayotgan xorijlik izlanuvchilar xizmatidan foydalanish, ularning ishlariga iqtiboslik keltirishlari va albatta ular bilan hammualliflikda ilmiy maqolalarni e’tirof etilayotgan ma’lumotlar bazalari tarkibidagi jurnallarda chop ettirishlarida SciVal analitik tizimi aynan dastak bo‘lib xizmat qiladi.

Tizimning afzalliklaridan biri shundaki, unda muallif yoki izlanuvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta OTMlarni ilmiy salohiyatini taqqoslashlari, shu bilan birga, mualliflarning ilmiy potensialini ko‘rishimiz mumkin. Olimlar faoliyat yuritayotgan ma’lum bir sohada dunyo mintaqalarida qaysi olimlar faol ilmiy izlanishlar olib bormoqda, qaysi tashkilot va uning olimlari bilan xamkorlik qilishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritildi.

Taqdimot tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otib, turli muzokaralarga sabab bo‘ldi va ekspert tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha qilar ekan A.Loktev, Scopus ma’lumotlar bazasida xalqaro patentlarni indeksatsiya qilish va mazkur patentlardan foydalanish imkoniyati mavjud ekanligiga to‘xtalib o‘tdi. Bu kabi tadbirlar, institutning reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyo institutlari orasida o‘z nufuzini topishida poydevor bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

Institut Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i G‘.G‘oziev axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov