Fan va tan rivojining o‘ziga xos bog‘liqligi bor. Jismoniy va intellektual salohiyatning uyg‘unligi barkamollik belgisi. Shuning uchun ham jismonan sog‘lom bo‘lgan odamning fikri tiniq, qarashi teran bo‘ladi. Aqlan va ruhan sog‘lom inson, albatta jismoniy mashqlarni ham chetga surib qo‘ymaydi. Har ikkalasining uyg‘unligini nazarda tutgan holda institutimizda tashkil etiladigan turli musobaqalar zamirida ana shu mantiq yotadi. Ilmu fan va jonu tan birligi katta mohiyatga ega ekanligini voleybol musobaqasida ham ko‘rish mumkin.
“Gumanitar fanlar” va “Jismoniy madaniyat va sport” kafedrasi bilan hamkorlikda “Jahon falsafa kuni” ga bag‘ishlangan 2 – bosqich talabalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqani falsafa fanidan dars beruvchi ustoz “Gumanitar fanlar” kafedrasining assistenti Bahriddin Muqimov tashabusi va “Jismoniy madaniyat va sport” kafedrasi mudiri Muhiddin Norqobilovning tashkilotchiligi hamda hammaslakligida amalga oshirilgani e’tiborga molik bo‘ldi.
Sport musobaqasida 2 kurslardan iborat “GTQ”, “Yef va Yek”, “QSXEA”, “GM”, “QXM” fakultetlarida tahsil olayotgan jami 50dan oshiq talabalar faol ishtirok etishdi.
O‘yin quyidagi natijalar bilan yakuniga yetdi. Jamoalarning o‘rinlari quyidagicha ko‘rinish kasb etdi.
Birinchi o‘rin “GTQ” fakultetining Jahongir Temirov sardorligdagi “EKLEKTIKA” jamoasi, ikkinchi o‘rinni “Yef va Yek” fakultetining Jahongir Mirzo Vahobov boshchiligidagi “PROGRESS” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa “QSXEA” fakultetining Muhammadjon Xurshidov rahbarligidagi “PRAGMATIK” jamoasi egalladi.
Shuniyam aytish kerakki, garchi yuqori o‘rinlarga ega bo‘lmagan bo‘lsalarda o‘zlarining mantiqiy mushohadasi va bilimdonlik salohiyati bilan “GM” fakultetining Sherozbek Rasulov sardorligidagi “SOFISTIKA” jamoasi, “QXM” fakultetining Sayfullo Qodirov boshchiligidagi “RENESSANS” jamoasi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi.
G‘oliblarga, faol ishtirokchi talabalarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan birga ma’naviyat durdonasi bo‘lgan kitoblardan ulashildi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining assistenti Bahriddin Muqimov va “Jismoniy madaniyat va sport” kafedrasi mudiri Muhiddin Norqobilovlar axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov