Tanlov g'oliblari taqdirlandi

BMT Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan 15 oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan va ushbu sana 2019 yildan buyon mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.

Ushbu sana respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohangdir.

Shuni inobatga olgan holda, 15 oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Tomorqa maydonlaridagi ekinlarni sug‘orishda suvdan samarali foydalanish” tanlovi g‘oliblarini rasmiy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi hamkorlikda joriy yilning iyun oyida  “Tomorqa maydonlaridagi ekinlarni sug‘orishda suvdan samarali foydalanish” mavzusida tanlov e’lon qilgan edi. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan tanlovda mamlakatimizning turli hududlaridan 100 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdilar.

Ular tomorqada suvni tejash, sug‘orishning tejamkor va innovatsion usullaridan foydalanish bo‘yicha o‘z takliflarini, amalga oshirgan ishlarini foto yoki video shaklda tanlov hay’atiga jo‘natdilar.
Hakamlar barcha ishlarni adolatli ko‘rib chiqib, turli nominatsiyalar bo‘yicha 30 nafardan ziyod g‘olib va sovrindorlarni aniqladi.

- O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilib, ko‘p joylarda bo‘lganman. O‘zbek qishloq ayollarining turmushi, mehnat sharoitlarini kuzatganman, - deydi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakili Gyobel-Byosh Raxel xonim. - Ularning mamlakat qishloq va suv xo‘jaligida sohasidagi mehnatlari tahsinga sazovor. Ayniqsa, qishloq joylarda ayollarning uy xo‘jaligida suvni tejaydigan usullardan foydalanishayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Umid qilamanki, aynan suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash bo‘yicha islohotlarda bundan keyin ham xotin-qizlar faol ishtirok etadilar.

 

Tadbirda tanlov g‘oliblariga sovg‘alar topshirildi.

TIQXMMI matbuot xizmati