Ommaviy madaniyat va uning oqibatlari

Joriy yilning 16-aprel kuni “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani Q.Shavazov, 1-bosqich talaba yoshlari va ustoz-murabbiylari bilan 7-ma’ruzalar zalida “Ommaviy madaniyat va uning oqibatlari” mavzusida suhbatlashdi. Hozirgi kunda inson ma’naviyati va odob-axloqi Yevropa davlatlaridan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” ning nishoniga aylanib bormoqda desak, xato bo‘lmaydi. Asosan g‘arbdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” turfa usullar bilan inson aqlini zoyil etib, unda nafs-u shahvatda me’yorni saqlash hissini susaytiradi.

Nafs-u shahvatda me’yorni saqlash, asosan, har bir insonning o‘ziga, uning imon-e’tiqodiga bog‘liq bo‘lgani kabi, “ommaviy madaniyat” domiga tushish yoki saqlanib qolish ham uning o‘ziga bog‘liq. “Ommaviy madaniyat” ko‘zga tashlanmaydigan juda nozik yo‘llar orqali ijtimoiy hayotga suqilib kirishi, u odamlar ongini o‘zlari bilmagan yo‘llar orqali zaharlashi, manqurtga aylantirishga xizmat qilishi to‘g‘risida talaba-yoshlarimiz ma’lumot olishdilar hamda ularni qiziqtirgan savollarga ham javob olishdi.
 


YBIB bo‘yicha dekan muovini K.Usmonov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati