«Irrigatsiya va melioratsiya» kafedrasi dotsenti Аdham Mamataliyev rahbarligida «Suv xo‘jaligi va melioratsiya» taʼlim yo‘nalishi 402-guruh talabalari Toshkent shahridagi Аbulqosim madrasasiga tashrifni amalga oshirdilar. Tashrifdan maqsad talabalarni sharq meʼmorchiligi anʼanalari asosida qurilgan bu madrasa tarixidan xabardor qilish, o‘tgan davrdagi ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyoti, tarixiy yutuqlarimiz, anʼanalarimiz bilan tanishtirish, bu sohadagi tasavvurlarini boyitishdan iborat edi.
Аbulqosim madrasasi 1850 yilda qurilgan bo‘lib, mahalliy va O‘rta Osiyo xalqlarining ko‘plab ziyoli vakillarining yetishib chiqishida o‘z hissasini qo‘shgan ziyo maskanidir. Jumladan, madrasasida Аbdulla Qodiriy, Munavvarqori Аbdurashidxonov, G‘ulom Zafariy va Аbdurauf Fitrat maʼlum vaqt davomida tahsil olganlar. Bu esa yurtimiz azaldan ilm-fani va madaniyatining beshiklaridan biri bo‘ganligining yana bir dalilidir.
Tarixiy xotirasi yo‘q davlatning kelajagi bo‘lmaydi, degan iboraning zamirida olam-olam maʼno mujassam. Darhaqiqat, go‘zal O‘zbekistonimiz hududida uzoq yillik tarixga ega qadamjoyu-tarixiy obidalar ko‘p. Ularni ziyorat qilish esa har bir inson uchun ajdodlar bosib o‘tgan yo‘l tarixi va uning qudratini his qilish demakdir. Tarixiy va madaniy yodgorliklar bilan tanishish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashrif ham shu maqsadni ko‘zda tutgan edi. Madrasa ziyorati talabalarda katta taassurotlar qoldirdi.
TIQXMMI matbuot xizmati