Ma’lumki, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Sardoba suv omborida yuz bergan o‘pirilish tufayli suv toshgan hududdan minglab yurtdoshlarimiz evakuatsiya qilingandi. Ularga Prezidentimiz boshchiligida barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish borasida tezkor va tizimli ishlar olib borildi. Bu xayrli ishlar hanuzgacha davom etmoqda. Shunday vaqtlarda birlashib, tabiiy ofatdan jabrlangan aholiga yordam qo‘lini cho‘zishni insoniylik burchi deb hisoblagan yurtdoshlarimiz Sardobaga insonparvarik ko‘magini jo‘natdilar. Shular qatorida birinchilardan bo‘lib, prezidentimizning tashabbusiga “labbay” deya javob bergan holda hurmatli rektorimiz O‘.P.Umurzakov boshchiligida TIQXMMI rahbar va xodimlari uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak, o‘rin-ko‘rpalar va oziq-ovqatlar to‘plangan saxovat karvoni Sardobaga jo‘natilgandi.
Institut talabalari orasida ushbu tabiiy ofatdan talofat ko‘rgan oilalarning farzandlari ham bo‘lib, rektorimiz boshchiligida ushbu talabalarga zaruriy shart-sharoitlar yaratish va ularni bilim olishlari uchun neki lozim bo‘lsa, barcha sharoitlar muhayyo qilindi. Ushbu ezgu ishlar doirasida joriy yilning 17 iyun kuni «Gidravlika va gidroinformatika» kafedrasi prof-o‘qituvchi va murabbiylari tomonidan tabiiy ofat natijasida evakuatsiya qilingan “Gidromelioratsiya” fakulteti talabalarining oilaviy ahvoli, yashash sharoitini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdilar.
Tashrifda kafedra prof-o‘qituvchilari tomonidan “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” ta’lim yo‘nalishi 3 bosqich talabalari Abduvaliev Sherzod, Usmonov Nurmuhammad va Rasuljonov Farruxlarning oilaviy ahvol, yashash sharoiti bilan tanishib, ota-onalari bilan pandemiya va tabiiy ofatlar natijasida yuzaga kelgan muammolarni birdamlikda, birga yengish mumkinligi hamda farzandlarining bilim olishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlari haqida suhbatlashdilar. Suhbat yakunida esdalik sovg‘alari ulashildi.
TIQXMMI matbuot xizmati