Ulug‘larni yodlash, ulardan qolgan adabiy merosni ko‘zga to‘tiyo qilish, kelgusi avlodga, xususan yoshlarga ibrat va namuna qilib ko‘rsatish qutlug‘ niyatli xalqning azaliy va abadiy qadriyatlaridan. Albatta, bu nisbatlarga xosu mos adiblardan biri Abdulla Oripovdir. Mana, bir necha haftadirki, shanba va yakshanba kunlari ulug‘ shoirimiz siymosi qoshida, haykal oldida ta’zim bajo etish, gulchambarlar qo‘yish, uning she’rlaridan o‘qib, zamondosh olimlarning xotirasidan bahramand bo‘lish an’ana tusini olgan.
2020 yil 20 iyun kuni “Adiblar xiyoboni” da O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlab, “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining dekani R.Xakimov boshchiligida 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari va faol talabalari ishtirokida “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” mavzusida adabiy, ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoira Farog‘at Xudoyqulova, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon hamda shoira Sayyora Tuychievalar ishtirok etishdi.
Adabiy kechada tashrif buyurgan shoirlar va adabiyotshunos olimlar Abdulla Oripov ijodi va hayoti to‘g‘risida yorqin xotiralar bilan o‘rtoqlashib, shuningdek, shoir qalamiga mansub she’rlarda ijod namunalardan yig‘ilganlarga o‘qib berdilar. Tadbir davomida fakultetimiz talaba qizlari tomonidan ham shoir ijodidan she’rlar yod etildi. Adabiy kecha fayzli va mazmunli bo‘lib o‘tdi.
“SXTE va B” fakulteti dekani o‘rinbosari J.Turdiev hamda bosh murabbiy M.Raxmatalievlar axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati