Qadring baland bo‘lsin, ona tilim

Qadring baland bo‘lsin, ona tilim

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhadislari instituti Qarshi filiali “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Ona tilim - g‘ururim, faxrim” nomli ma’naviy – ma’rifiy tadbir tashkil etilgan tadbirda direktor o‘rinbosari H.Ravshanov ishtirok etib, yig‘ilganlarga o‘zbek  tilining jamiyatimizda tutgan o‘rni,  davlat  tili  sifatida kundan  kunga nufuzi oshib borayotganligi  haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining 32 yilligi hamda 21 oktabr –“O‘zbek tili bayrami kuni” barcha ta’lim muassasalarida va tashkilotlarda keng miqyosda nishonlanayotganligi, ona tilimizni o‘rganuvchilar safi kengayib dunyo miqyosida 50 milliondan  ziyod o‘zbek tilida so‘zlovchilar mavjudligi, shundan 30 millionga yaqini vatanimizda istiqomat qilishi, bugungi “Ona tilim - g‘ururim, faxrim” mavzusidagi tadbirimiz mazmun – mohiyati ham shu maqsadga qaratilganligini ta’kidlab  o‘tdi.

Ona tilimiz timsolida millat va xalq, adabiyot va tarix, ilm-fanimiz o‘zligini saqlab, rivojlanib keldi. Xalqning adabiyoti, tarixi, ilm-fani jamikiy madaniy boylik bisoti uning tili bo‘lib so‘ylab, millat va xalqning o‘zligini yaqqol namoyish etib turadi. Chunki ulardagi mazmun, mohiyat, fikr, g‘oya, obraz, tasvir, ifoda milliy til libosida ado etiladi. Mustaqilligimizning qaldirg‘och qonuni hisoblangan ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan professor-o‘qituvchilari “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida adabiy-badiiy tadbir o‘tkazdilar.

Tadbirda ona tilimizning huquqiy mezonlari, boyib borish manbalari hamda unga bo‘lgan e’tibor masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Talabalarning ona tili haqidagi she’rlari, sahnaviy chiqishlari hamda savol-javoblarga faol qatnashishi tadbirni jonli va qiziqarli o‘tishini ta’minladi.  Tadbir yakunida faol talabalarga sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

TIQXMMI matbuot xizmati