Yurtimizning har bir goʼshalarida “Yangi Oʼzbekiston-yangicha dunyoqarash” shiori bilan oʼtkazilayotgan tadbirlar kundan-kunga kengayib, oʼziga xos tantanavorlik kasb etib bormoqda. Bunday tantanali yigʼilishlarda xalqimiz tomonidan keyingi yillarda xalq xoʼjaligining turli sohalarida qoʼlga kiritilayotgan ulkan yutuqlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlar eʼtirof etilmoqda. Shunday tantanali tadbirlardan biri 2020-yilning 20-noyabr kuni Oʼrta Chirchiq tumani Yungichqoli mahallasidagi 61-oʼrta maktabda ham boʼlib oʼtdi. Tadbirda nuroniy otaxon-onaxonlar, mahalla faxriylari, mahalliy hokimiyat vakillari, oʼqituvchi va oʼquvchilar, TIQXMMI “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-oʼqituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari va boshqa keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir mustaqil yurtimiz madhiyasi bilan boshlandi. Tadbirning ochilishida tuman nuroniylar kengashi raisi Z.Yoʼldoshev va professor А.Аrifjanovlar soʼzga chiqdilar. Ular oʼz maʼruzalarida keyingi yillarda yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga alohida-alohida toʼxtalib oʼtdilar. Taqdimot bilan boyitilgan maʼruza tadbir ishtirokchilarining jonli muloqotiga ulanib ketdi. Tadbir badiiy qism bilan davom etdirildi. Unda Toshkent viloyati sanʼatkorlari hamda 61-maktab oʼquvchilari tayyorlagan turli kuy-qoʼshiqlar, sheʼrlar va raqslar ijro etildi. Аyniqsa yosh sportchilarning chiqishlari yigʼilganlarda katta taʼssurot qoldirdi. TIQXMMI “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-oʼqituvchilari eng faol ishtirokchilarga oʼzlari tayyorlab borgan sovgʼalar-kitoblarni topshirdilar. Tadbir tashkilotchilari tomonidan qiziqarli viktorina tashkil etildi hamda gʼoliblarga esdalik sovgʼalar topshirildi. Tadbir juda koʼtarinki ruhda, esda qolarli qilib oʼtkazildi.
TIQXMMI matbuot xizmati