Oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash masalasi yoshlarni hayotda o`z o`rniga ega bo`lishlaridagi asosiy omillardan biri. Shu munosabat bilan “Elektr ta`minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilarining tashabbusi bilan “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Uzkabel”, hamda “Xalqaro Fizika Quyosh Instituti” korxonalari hamkorligida “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetining 5310200 – Elektr energetikasi (Suv xo`jaligida) ta’lim yo‘nalishi 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga “Elektr energiyasini uzatishdagi texnologik shartlarni tahlil qilish” bo`lim boshlig`i S.L.Eshonqulov va “Elektr energiyasi hisob rejimini avtomatlashtirish” bo`lim boshlig`i B.R.Alimovlar bitiruvchi talabalar bilan suhbatlashdi.
Ushbu ta’lim yo‘nalishida ta’lim olayotgan talaba-yoshlari o‘qish davridayoq tizimdagi korxona va tashkilotlarda amaliyot o‘tab, kasb ko‘nikmasiga ega bo‘lmoqda. Keyingi yillarda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash, korxona – ta’lim muassasasi – bitiruvchi hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bitiruvchilar taklif etilayotgan ish o‘rinlari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Korxonalardan kelgan mas’ullar tomonidan talabalarni ushbu korxonalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirdilar. Talabalar bitirgandan keyin ishga joylashish uchun korxonalar tomonidan berilgan so‘rovnomalarida ishtirok etishdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
Suhbat jarayonida ish beruvchi talabalarni taklif qilinayotgan ish joyi, mehnat va maishiy sharoitlari, lavozimi, ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda mutaxassisga qo‘yiladigan asosiy kasbiy talablar bilan tanishtirdi. Ish beruvchilar o‘ziga munosib kadrni tanlaganda, qo`shimcha xorijiy tillarni bilish qobiliyati, axborot-texnologiyalardan to`g`ri foydalana olishi, kompyuter dasturlari hamda mutaxassisligi bo`yicha chuqur bilimga ega bo`lgan kadrlarni yaxshi ish lavozimlariga taklif etishlarini aytib o`tishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati