Senator bilan uchrashuv

Talabalarning zamon bilan hamnafasligi va turli bilimlarga ega bo‘lishi, ijtimoiy – siyosiy jarayondan boxabar bo‘lishi davr talabidir. Mustaqil davlatimizning milliy g‘oya va mafkurasini og‘ishmasdan amalga oshirishni rejalashtirgan to‘rtta partiyaning o‘z harakat dasturi borligi ham ma’lum. Ular ichida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi to‘ng‘ich partiya sifatida mamlakatimizning rivojlanishi hamda besh yilga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirishdagi o‘z pozitsiyasi alohida mohiyatga molik. “Ibratli, ijodkor insonlar” ruknida har juma kuni tashkil etiladigan ijodiy muloqotlar talabalar ongi va tafakkuri hamda dunyoqarashini o‘stirishga xizmat qilayotgani, shubhasiz. Xuddi shu maqsadda tashkil etilgan navbatdagi ijodiy muloqotda O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakili, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi Varisova Maqsuda Azizovna bilan qizg‘in davra suhbati uyushtirildi. “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti 1-2-3 bosqich talabalari, fakultet professor-o‘qituvchilari hamda fakultet dekani Muqimov Zarip Majlisovich, dekan o‘rinbosari Turdiyev Jamshid Rashidovichlar ishtirok etishdi. Bugungi kunda ta’lim sohasida olib borilayotgan siyosatning zaruriyati, uni amalga oshirishdagi mas’uliyat, talaba va pedagoglar majburiyati xususida o‘z mulohazalarini bildirdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan senatorga murojaat qilishdi. Ular esa barcha savollarga atroflicha to‘liq javob berib o‘tdilar. Tadbir yakunida institut rektorining hamda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi direktorining “Faxriy yorlig‘”i va fakultetning esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Ta’lim va tarbiya jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad uning sifati va samarasi, natijadorligi bilan qiziqish ekanligini Maqsuda Varisova alohida uqtirib o‘tdi. Iqtidorli talabalardan Maftunaxonning mazmundor she’ri ham davraga ayricha ruh baxsh etdi.

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov, “SXTE va B” fakulteti dekani o‘rinbosari J.Turdiyevlar axboroti

Institut matbuot kotibi Raximboy Jumaniyozov