Joriy yilnig 22 mayida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «Gender tenglik» mavzusida seminar trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda «Gumanitar fanlar» kafedrasining dotsenti G. Xudayberdieva ma’ruza qildilar. G.Xudayberdieva o‘z ma’ruzasida Gender tenglikni ta’minlash masalasi dunyo bo‘ylab muhim ahamiyatga ega ekanligini, BMT tomonidan qabul qilingan hujjatlarda, xususan, 2015 yil qabul qilingan 70-sonli rezolyusiyada bu o‘z ifodasini topganligi, BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda “O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari” qabul qilingan va O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad – “Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” to‘g‘risida mufassal ma’lumot berib o‘tdi.
“Gender” tushunchasiga ta’rif berildi. Unga ko‘ra, gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim, ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat hisoblanishi ta’kidlandi. Gender – ijtimoiy jins degan tushunchani beradi va ularning tengligini e’tirof etadi. Gender — ayol va erkak munosabatlarining majmuini tashkil etadi va u rivojlanish jarayonining barcha bosqichlarida: oilada, jamiyatda, ta’limda, siyosatda namoyon bo‘ladi. Jins – ayol va erkakning biologik farqlanishini bildiradi. Hozirgi zamon gender tengligini ta’minlash maqsadida bir jins vakillarining boshqaruvda 60 % dan oshmasligini nazarda tutadi. Shu xususda prof.Ismailova Z.K., dotsent Mukumova D. va R.Kadirovalar o‘z mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Barcha ayollarimiz faol katnashib o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olishdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi ilg‘or qadamlaridan biri sanaladi. Yangi qonun buning yaqqol dalili bo‘lib, kelgusida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga hissa qo‘shadigan tarixiy hujjat bo‘ldi. Institutimizda har hafta muntazam ravishda o‘tkazib turiladigan bunday yo‘sindagi virtual tadbirlar pedagoglar jamoasida faollikni yanada kuchaytirayotgani sir emas.
Zulfiya Hafizova TIQXMMI xotin-qizlar kengashi raisi
TIQXMMI matbuot xizmati