Uyg‘oq vijdon (voqeiy hikoya)

Ertalab uydan ertaroq chiqqanimga ishga avtobusda keta qoldim. Bekatdan chiqsam orqa o‘rindiqda uch yigitcha o‘tirgan ekan. Menimcha ular biror oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun ketishayotgandi. Chunki ikki yigitning qo‘lida hujjatlar solinadigan jild bor edi. O‘rtadagi yigit menga joy berish taraddudida bir qarab qo‘ydi. So‘ng ikki tomonida xotirjam o‘tirib, nimalarnidir muhokama qilib ketayotgan o‘rtoqlariga qarab u ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Lekin xijolat bo‘lib o‘tirgani xatti-harakatlaridan bilinib turardi. Menga qayta-qayta qarab qo‘yar, ko‘zim tushganida uyalib ko‘zlarini olib qochardi. “Meni yosh deb o‘ylayapti” degan o‘y ko‘nglimdan kechib, telefonimga kelgan xabarlarni o‘qib ketaverdim. Garchi ko‘zim telefonda bo‘lsa-da, psixologligim uchun e’tiborim ularda edi. Avtobus keyingi bekatda to‘xtagandi, oltmish yoshlar atrofidagi onaxon chiqdilar. Yigitlar onaxonga ham joy berishmadi. Oldinroqda o‘tirgan ayol o‘rnidan turib, yoshi ulug‘ ayolni joyiga o‘tirg‘izdi. Keyingi bekatda yigitlar tushadigan ekan, o‘rinlaridan qo‘zg‘alib tushish harakatini qilishayotgan edi o‘sha o‘rtada o‘tirgan yigitga past tovushda “Vijdoningiz qiynaldi a?” deb so‘radim. Yigit ko‘zlarini hayrat bilan ochib “Buni qaerdan bildingiz?- dedi.- Juda qiynaldim, xijolat chekdim..” deya uzr so‘radi.

— O‘qishga topshirayotgan ekansiz a?- dedim yigitga. Tasdiq ishorasini berdi. – Siz tutgan yo‘l maqsadlarimizga erishishda to‘siq bo‘ladi. Hech bir yaxshilik izsiz ketmaydi. Sizning menga yoki boyagi onaxonga joy berishingiz ham kichkina sadaqa edi. Bu bilan siz yo‘lingizdagi to‘siq-g‘ovlarni olib tashlardingiz. Mayli, vijdoningiz qiynalganining o‘zi ham sizga yaxshi saboq bo‘libdi. Boshqa bunday qilmang, sizga omad yor bo‘lsin!..

U menga minnatdorchilik bildirib bekatida tushib qoldi, pushaymonlik va xijolatchilik aks etgan nigohlari ma’yus edi. Yoshlarimizga aytmoqchi bo‘lganim, kimnidir hurmat qilish yoki qilmaslik — sizning ishingiz. Siz o‘zingizni hurmat qiling. Negaki, sizning xatti harakatingiz, atrofdagilarga munosabatingiz tarbiyangiz qay darajada ekanini bildiradi. Odamlar bolalarini ko‘rib ota-onasini hurmat qiladilar. Buni hech qachon unutmang...

2- TTJ Tarbiyachi –pedagogi Psixolog Dilorom Sagdullaeva