Har bir davrning, har bir makonning o‘z muammolari, talablari bo‘lishi tabiiy. Ijodkor insonlar yo‘l topib o‘z so‘zini, fikrini turli shakllarda ifoda etib kelganlar. Shuning uchun ham Prezidentimiz e’tirof etganlariday “xalqning dardu tashvishlari bilan yashash odamiylikning eng muhim mezoni”dir. Xalq xizmatiga mahram, dardiga malham bo‘lish sharafli burch. El-yurtimizning shodiyonalarida o‘z she’rlari bilan, ko‘plab taniqli qo‘shiqchi san’atkorlarning repertuaridagi qo‘shiqlar matnining muallifi sifatida hamisha yurt xizmatida va ardog‘ida ular. Bu inson Bobur Bobomuroddir.
Har juma kuni institutimizda tashkil etiladigan “Ibratli, iste’dodli, ijodkor insonlar” ruknining navbatdagi mehmoni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi iqtidorli shoir Bobur Bobomurod bo‘ldilar. Shu haftaning o‘zida uchta ta’lim muassasasida talaba va o‘qituvchilar bilan ijodiy muloqot uyushtirganlari e’tiborga va tahsinga loyiq. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida, Toshkent Moliya institutida, DXX institutida o‘tkazilgan uchrashuvlarning davomi sifatida institutimizda uyushtirilgan ma’rifiy kecha ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi.
Shoir o‘zining yangi yozgan she’rlaridan o‘qib berish asnosida talabalar tomonidan berilgan savollarga ham aniq va muxtasar tarzda javob qaytardilar. Shoirning she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarning mohir ijrochilaridan taniqli, iste’dodli san’atkorlardan Baxtiyor Sultonov va Sherbeklarning chiqishlari davraga yanada fayz baxsh etdi.
Shoirning so‘zi hamisha qanot bog‘lab tillardan tillarga ko‘chadi, qanchadan qancha insonlar uning she’rlarini yod aytib yayrashadi, xirgoyi qilib qo‘shiq qilishadi. Ana shunday zavqni bera oladigan shoirlarimizdan sanalgan Bobur Bobomurodning tashrifi institutimiz jamoasini xushnud etdi.
“GIM” fakulteti “Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti