«Irrigatsiya va melioratsiya» kafedrasi dotsenti Adham Mamataliyev rahbarligida «Suv xo‘jaligi va melioratsiya» ta’lim yo‘nalishi 402-guruh talabalari Toshkent shahridagi O‘zbekiston Davlat Satira teatriga tashrifni amalga oshirdilar. Bu tashrifdan maqsad talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda ta’lim olish samarasini oshiruvchi madaniy hordiq chiqarish ko‘zda tutilgan edi.
Teatr san’ati jamiyat hayotida, tomoshabinlarning ma’naviy va estetik tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Bugungi axborot asrida aksariyat yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan bir paytda ularni teatrga jalb qilish dolzarb vazifalardan sanaladi. Buning uchun o‘sib kelayotgan yosh avlodni san’atning teatr turiga hamohang etgan holda tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisi ham yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan.
Talabalarimiz teatrga tashrifi davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Rixsivoy Muhamedjonov ssenariysi asosida rejisser Munavvar Abdullayeva tomonidan sahnalashtirilgan “Soqov xotin” spektaklini tomosha qildilar. Spektaklda hayotiy masalalar, ya’ni oilada kelishuv, bir birini tushunish mavzusi ko‘tarilgan. Oilaviy muammolar sahnada har qanday komediyada bo‘lgani kabi yumor orqali ochib berilgan. Bu spektakldagi voqealar yangi oila qurgan va oila qurish arafasida turgan talabalarimiz uchun ibrat bo‘ladi desak, xato bo‘lmaydi.
Talabalarimiz spektakl tomoshasidan qaytishar ekan teatr inson kamolotida muhim o‘ringa ega ekanligiga yana bir bor amin bo‘lishdi. Jahondagi eng ommaviy va ta’sirchan san’at turlaridan biri bo‘lgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, ularning qalbida olijanob fazilatlar, go‘zal his-tuyg‘ularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Shu sababli ham teatrni mubolg‘asiz ezgulikka chorlovchi maskan deyish mumkin.
TIQXMMI matbuot xizmati