Belarus milliy texnika universiteti (BMTU) qoshidagi Pedagog kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti direktor o‘rinbosari Ponasenko Andrey Svyatoslavovich hamkorlik o‘rnatish maqsadida institutimizga keldi. Uchrashuvda, Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorector A.Salohiddinov, Gidromeliorativ ishlarini mexanizasiyalash fakul'teti dekani B.Norov, kafedra mudiri I.Xudoev, Ilmiy tadqiqotlar, innovasiyalar va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i B.Matyakubov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh.Raxmonov ishtirok etishdi.
Uchrashuv BMTU tarixi, bugungi holati va ilmiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi. So‘ngra, BMTUda malaka oshirish va stajirovka shart-sharoitlari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi. Uchrashuv bir vaqtning o‘zida onlayn translyasiya qilingan bois, 30ga yaqin onlayn uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. BMTU va TIQXMMIlarning kelgusi hamkorlik vektorlari kelishib olindi. Uchrashuv o‘zaro do‘stona va iliq tarzda o‘tdi.
Ma'lumot uchun: BMTU QS dunyo universitetlari reytingida 801 o‘rinni qayd qilgan. U 1920 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 16 ta fakul'tetda 3000 dan ziyod nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi va 28 000 nafar talaba tahsil oladi.
TIQXMMI matbuot xizmati