Bugun haftaning juma kuni. Talaba qizlarimizdan 1-4 kurslarni an'anaviy ta'lim shaklida o'qishni boshlaganlarga ham 2 hafta bo'ldi. 16-noyabrdan uzoq viloyatlardan o'qiydigan va ariza bilan murojaat qilgan talaba qizlar 3-TTJga joylashtirilgan. Bu yerda talaba qizlarimiz uchun ta'lim olishlari va yashashlari, dars tayyorlashlari uchun yetarli sharoitlar mavjud. Institut XQK (Xotin-qizlar Kengashi) yordamchisi Z.Hafizova “Qizlarjon” klubi faoliyati bilan tanishtirdi.
Klub institut talaba qizlarini ta'lim olib, mutaxassis bo'lishlari bilan birga tarbiya topishlarida, jamoada ma'naviy - ma'rifiy kamol topishlarida klubning ahamiyati, kasb-hunar o'rganishlari faqatgina foyda keltirishi haqida gapirib o'tdi. XQK a'zosi dots.O.Ro'ziqulova 1-kurs talaba qizlarini motivatsiyaga undovchi hayotiy tajribalari bilan o'rtoqlashib, ustoz-shogird tizimida ishlarni davom etirish, ilmiy maqolalar bilan konferentsiyalarda o'zlarini fikrlari bilan qatnashishga, ahil-inoq bo'lib yashashga va o'qishda o'zaro ko'maklashishga chaqirdi. Talabalarning bir qismi masofadan, bir qismi an'anaviy ta'lim olayotganlari uchun telegramm tarmog'ida “YeRB qizlari” guruhi tashil etilgani va har bar guruhdan faol qizlar jalb etilgani, qizlarga tegishli masalalar shu joyda kelishib hal etilishi haqida ma'lumot berdi.
“Yer resurslarini boshqarish” fakulteti XQK a'zosi dots. O.Ro'ziqulova va Institut XQK yordamchisi Z. Hafizova, institut psixologi Muxamedova Muhayyo, 3-TTJ tarbiyachisi Xayitova Azizalar ishtirokida Ma'naviyat xonasida “Qiziqarli tanishuv” psixologik o'yinlari o'tkazildi. Talaba qizlar bir-biriga nisbatan 15-20 yildan so'ng o'z dugonalarini qanday holatda tasavvur qilsalar, shu haqda qiziqarli qilib gapirib beradilar. Bu bilan talaba qizlar o'z dugonalarini avvalo oilada o'z baxtini topgan ona va 15-20 yildan so'ng o'z kasbini ustasi, hamda qo'shimcha firma va shaxsiy xo'jalikka ega hurmatli ayollar sifatida tasavvur qilishlari tahsinga loyiq. Albatta, “Holva degan bilan og'iz chuchimaydi”. Bu oliy maqsadlarga erishish uchun mehnat qilishlari va intilishlari kerak. Tikuvchilik xonasida bichish-tikish bo'yicha yaratilgan sharoitlarni o'rgandilar. 3-TTJ tarbiyachisi Aziza opalaridan yangidan tashkil etilishi rejalashtirilgan “Chevar qizlar” tikuvchilik kursi yuzasidan ma'lumotlarga ega bo'ldilar. Kurs 2 smenada tashkil etilishi, talabalar o'zlariga qulay paytda qo'shimcha kasb-hunar o'rganishlari uchun o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Xotin-qizlar bichish-tikishni o'rganishlari o'z oilasida ko'rpa-choyshablarini mehr berib tikishlarida, ro'zg'ordagi tikishga doir ishlarini bajarishlarida, kezi kelsa, qo'shimcha daromad olishlarida asqotadi.
TIQXMMI matbuot xizmati