2019 yil 29 noyabr kuni “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkilotining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibining turli xildagi masalalarida fakultet dekani t.f.d. A.J.Isaqov tashabbusi bilan yaratilgan “Kitob o‘rniga kitob” loyihasi muhokama qilindi. Majlis ishtirokchilari tomonidan loyihani amaliyotga joriy etish bir ovozdan ma’qullandi. Loyihaga asos solishda va tashkil etishda fakultetning yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.Botirov va “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi F.Maxmudovlar jonbozlik ko‘rsatishdi. Loyihaning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni (to‘rtinchi tashabbus: yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish) keng targ‘ib etish, yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan sog‘lom va barkamol avlod qilib tarbiyalash hamda ularning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik jihatlari, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdir.
Ushbu loyihaga fakultetning talaba yoshlari, professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchi va xodimlari hamda hohlagan inson ishtirokchi bo‘lib kirishi mumkin. Loyiha ishtirokchilari quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar: loyiha fondiga o‘zining ezgu niyatlari yozilgan va imzolangan 1 ta kitobini kiritadi va o‘rniga istagan boshqa kitobni o‘qish uchun olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birgalikda o‘qish uchun olgan kitobini o‘qib bo‘lgach loyiha fondidagi boshqa kitobga almashtirishi mumkin. Talabalar loyiha fondiga 1 ta kitob kiritish evaziga talabalik oltin davri mobaynida istagancha kitob o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bitiruvchilar o‘zining qo‘lidagi kitobni institut bilan xayrlashish oldidan “Axborot resurs markazi”ga topshirib ketadi. Fakultet “Yoshlar itiffoqi” boshlang‘ich tashkiloti a’zolari ushbu loyihani amalda qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilar ekan ko‘tarinki ruhda loyiha ishtirokchisiga aylanish istagini bildirdilar.
Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov