Respublikamizning “Zangiota” ziyoratgoxiga tashrif

Talaba yoshlarni ajdodlarimiz merosiga yuksak hurmat va e’tibor ruhida tarbiyalash maqsadida joriy yilning 30 mart kunida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash» fakultetining 1-bosqich 110-guruh talabalari hamda guruh murabbiyi A.Bozorboev boshchiligida O‘rta Osiyodagi noyob obidalardan biri Zangi ota nomi bilan mashhur bo‘lgan Zangiota ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. Rivoyatlarga qaraganda, Zangi ota cho‘ponlarning piri «avliyo» qiyofasida gavdalanadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Zangi ota Ahmad Yassaviyning muridi, so‘fiy shoir Sulaymon Hakim Boqirg‘oniyning shogirdi bo‘lgan.

Zangi otaning butun hayoti Movarounnahr xalqlarining eng og‘ir davriga to‘g‘ri keladi. Zotan, XIII asrning 20 yillarida Mo‘g‘ul istilochilari Movarounnahrning eng yirik shahar va qishloqlarini vayron qiladilar. Oddiy mehnatkash xalqni esa qullik iskanjasiga soladilar. Shunday og‘ir bir paytda Zangi ota va uning shogirdlari xalq ommasini qahramonlik, vatanparvarlik, mehr-shafqat kabi eng oliy umuminsoniy g‘oyalar bilan oziqlantirdi. Zangi otaning bu xizmatlari vaqti kelib Amir Temur tomonidan munosib taqdirlandi. Zangi otaning qabri ustida maqbara qad rostladi. 1420 yilda esa Mirzo Ulug‘bek uning ustiga hozirgi peshtoqni bunyod ettirdi. Ma’lum vaqt oralig‘ida o‘z xoliga tashlab qo‘yilgan bu yodgorlik majmui Davlatimiz Prezidenti tashabbuslari bilan qayta tiklandi. Hozirgi kunda nafaqat yurtimizdan, balki xorij mamlakatlaridan ham sayyohlar kelib “Zangiota” maqbarasini ziyorat qilmoqdalar. Bunday ma’lumotga ega bo‘lgan talaba-yoshlarimiz ko‘tarinki ruh va xush kayfiyat bilan ziyoratni yakunladilar.

 

YBIB bo‘yicha dekan muovini K.Usmonov axboroti

                                        TIQXMMI matbuot xizmati