Millat tanlamas illatlarning ildizlari

5 - aprel kuni institutimizda yoshlar ongu shuuriga ta’sir etuvchi radikalizm, missionerlik, prozelitizmning mohiyati borasida talabalarga atroflicha ma’lumot berildi. Tadbirda Rus Pravoslav cherkovining vakili Shkovorodyuk Oleg Stepanovich hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining professori, psixologiya fanlari doktori Umarov Bahriddin Mengboevichlar ishtirok etib mavzu yuzasidan yetarli ma’lumotlar berishdi.

Missionerlik – biror dinga e’tiqod qiluvchilar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilish yo‘li bilan jamiyatda tarafdorlar sonini ko‘paytirishni maqsad qilgan oqim. Ular shu orqali kishilar o‘rtasida o‘z e’tiqodiga shubha uyg‘otib, ishonch va e’tiqodidan voz kechishga olib keladi.

Shuningdek, missionerlikning eng yuqori cho‘qqisi – prozelitizm bo‘lib, biron-bir dinga ishongan kishini o‘z dinidan majburan voz kechishi va o‘zga dinni qabul qilishiga majburlashdir. U o‘z mohiyatiga ko‘ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi. Bularning bari yurt tinchligini buzish, inson halovatini yo‘qotishga qaratilgan g‘arazli maqsadlardir. Aslini olganda har qanday sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini markazida mo‘tadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi.

Yaxshilab e’tibor bersangiz, kamera qarshisida o‘zini xokisor tutib, «xalqimdan, prezidentimdan kechirim so‘rayman» deb o‘tirgan ana shu radikallarning aksari avval umuman dinni bilmagan odamlar. Tarixini eshitsangiz, diniy ilm olaman deb yomon «qo‘llarga» tushib qolgan yoki pul va’da qilishgani uchun shu yo‘lga kirgan bo‘ladi. Mo‘tadil Islomni qidirib, radikal Islomga yo‘liqadi. Oltin o‘rtalik degan tushunchaning mohiyati katta. Dinda g‘uluv ketmaslik, chuqur kirmaslik zarur. Bu esa ixtilofga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishdi. Tadbir nihoyasida talabalarning savollariga javob berildi.

            Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov