Toshkent — jahon kitoblar poytaxti

Shu yilning 2-4 oktyabr kunlari «Uzekspomarkaz»da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan «TASHKENT BOOK FEST – 2019» I Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda kitob taqdimotlari, yozuvchi-shoirlar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, treninglar o‘tkazildi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar uchun bir qancha aksiya va tanlovlar ham tashkillashtirildi. Talabalarimizni kitobxonlik va kitobsevarlik fazilatlarini yanada yuksaltirish maqsadida ”Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari“ kafedrasining 409-guruh talabalari bilan ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etdik. Shular jumlasidan «Audiokitob» loyihasi doirasida tayyorlangan ilk mahsulot — Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanining audioversiyasidan parcha taqdim etilishi talabalarimizda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma dasturidan bolajonlar uchun ham qiziqarli loyihalar o‘rin oldi, mushoiralar, intellektual o‘yinlar, adiblar bilan ijodiy uchrashuvlar, xattotlik va tasviriy san’at mashg‘ulotlari tashkil etildi. Tadbir davomida faol ishtirok etgan Asomiddin Pirmamadov va Shahboz G‘ulomovlarga guruh murabbiyi A.Davirov tomonidan esdalik sifatida kitob sovg‘a qilindi. Ushbu madaniy tadbirga tashrif buyurar ekanmiz, kitoblar va kitobxonlar, ijodkorlar olamining yoqimli, shu bilan birga jo‘shqin manzarasiga guvoh bo‘ldik. Taqdim etilayotgan asarlarning aksariyati o‘zbek kitobxon talabalarining qiziqishlariga mos ekanligi, adabiyotlarning xilma-xilligi bizni yana ham quvontirdi.

“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari" kafedrasi assistenti Alisher Davirov axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov