Innovatsion hamkorlik natijalari

Yangilikka intilish taraqqiyotga intilish demakdir. Shunday ekan, har bir jamiyatda unga ehtiyoj seziladi. Ularning hamkorlik ko’rinishidagi shakllari yaxshi natijalar berishi aniq.

2017 - yilning so‘nggida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Germaniyaning Leybnits nomli qishloq xo‘jaligini landshaftlashtirish ilmiy tadqiqot markazi (ZАLF) o‘rtasida hamkorlik aloqalari doirasida mazkur ilmiy tadqiqot markazi tomonidan yuborilgan, o‘quv jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan laboratoriya jihozlari Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasiga keltirilgan edi.

Bugungi kunda Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari va doktorantlari  olib kelingan laboratoriya jihozlaridan dala tajribalarida, o‘quv-qidiruv amaliyotida va laboratoriya mashg‘ulotlarida keng foydalanmoqdalar.

2018 - yil 25 - aprel kuni Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi dotsenti Аdham Mamataliyev va doktorant Javlon Ishchanovlar tomonidan Kasb ta’limi: Suv xo‘jaligi va melioratsiya ta’lim yo‘nalishi 3-kurs 316-guruhida “Tuproq namligi bo‘yicha sug‘orish me’yorlarini aniqlash” mavzusida laboratoriya mashg‘uloti o‘tkazildi. Mashg‘ulotda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Irrometr” tenziometr bilan birga Germaniyadan keltirilgan tuproq ko‘rsatkichlarini aniqlovchi “UMP-1BT” asbobdan foydalanildi. Bu asbob  bir vaqtning o‘zida tuproq namligi, harorati va sho‘rlanish miqdorini tezkor aniqlash imkonini beradi. Аsbob “Bluetooth” tizimi bilan ta’minlangan bo‘lib, ma’lumotlar mobil telefon yoki kompyuterga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi. Tuproq ko‘rsatkichlari ma’lumotlarini “online” tarzda muntazam olib turish mumkin. Bu qulayliklar o‘quv va ilmiy faoliyatda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov