Joriy yilning 7 fevral kuni Xitoyning POWERCHINA korporatsiyasi vakillari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga (TIQXMMI) tashrif buyurishdi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
POWERCHINA Xitoyning yirik davlat kompleks qurilish kompaniyasi hisoblanib, uning tarkibida SINOHYDRO, HYDROCHINA, SEPCO kabi 75 ta kompaniyalar, shuningdek, Olmaota shahrida joylashgan “KAZGIDRO” loyihalash instituti mavjuddir. Mazkur kompaniya gidroenergetika, shamol, quyosh va issiqlik energetikasi qurilishi sohalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi, shuningdek, qidiruv, loyihalash, qurish, texnik qayta qurish va foydalanish kabi butun bir ishlab chiqarish zanjiri bo‘yicha salohiyatga ega.
Uchrashuv davomida korporatsiyaning O‘zbekistondagi gidroenergiya bo‘yicha bosh muhandisi Vang Yanli va TIQXMMI rektori, professor O‘ktam Umurzakov tomonidan ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida institutdagi soha bitiruvchilarini korporatsiya tomonidan O‘zbekistonda (Toshkent va Andijon viloyatlarida) qurilayotgan uchta yangi gidroelektrostansiyalarda ish bilan ta’minlash va talabalarning o‘quv amaliyotlarini tashkil etish, Xitoy OTMlari bilan o‘zaro talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, korporatsiya tomonidan iqtidorli talabalar uchun grant va stipendiyalar joriy etish kabi masalalar keltirib o‘tildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil may oyidagi Xitoy davlatiga tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida ko‘plab sohalar bo‘yicha shartnomalar, jumladan O‘zbekistondagi 300ga yaqin nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 32 ta gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish va 42 ta yangisini qurish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu soha rivoji yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuv davomida yuqoridagilarga hamohang tarzda POWERCHINA korporatsiyasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida o‘rnatilayotgan o‘zaro hamkorlik aloqalari mamlakatimizda gidroenergetika sohasining rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv davomida joriy yil mart oyining boshlarida korporatsiya rahbarlarining institutga tashrif buyurishi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda POWERCHINA korporatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama o‘zaro shartnoma imzolashga kelishib olindi.