Bugun 13.03.2018 yil soat 10:00 da institutimizning V o‘quv binosi “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi dotsenti Gazieva Ra’no Teshabaevna 2-kurs 5-6-7-guruh talabalariga Intellektual datchiklar mavzusida ochiq ma’ruza o‘tib berdi. Ma’ruzada “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, yosh stajyor o‘qituvchilar hamda institut O‘quv-metodika boshqarmasi metodisti Maftuna Toshevalar ishtirok etishdi.
O‘qituvchi ma’ruzani avvalo, aqliy xujum pedagogik texnologiyasi asosida boshlab o‘tgan mavzu buyicha talabalarni savol-javob qilib bilimlarni faollashtirdi.
Shundan so‘ng mavzuning asosiy qismiga o‘tib, bugungi kun injenerlari yangi texnologiya va texnikadan foydalanishga, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishni keng joriy etishga, ishlab chiqarish rezervlarini aniqlash va uni jadallashtirishga qodir bo‘lishlari kerakligini aytib o‘tdi.
“O‘lchash texnikasi xalq xo‘jaligining barcha sohalarida fan-texnika taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Shu boisdan o‘lchash vositalarining va axborot-o‘lchov sistemalarining ishonchliligi ko‘p hollarda agregatning umuman ishonchliligini belgilaydi. Parametrlarning to‘g‘ri qiymatlarini bilmasdan turib va bu qiymatlarni avtomatik nazorat qilmasdan turib, texnologik jarayonlarni yoki agregatlarni to‘g‘ri boshqarib bo‘lmaydi, o‘lchov vositalarisiz esa avtomatlashtirib bo‘lmaydi.
O‘lchash texnikasini ishlab chiqarishga keng joriy etish uchun har bir injener-texnik xodim, qaysi soha mutaxassisi bo‘lishidan qat’iy nazar, texnologik o‘lchash usullari va vositalaridan, hisoblash texnikasidan o‘lchash jarayonlarini avtomatlashtirishda foydalanish imkoniyatlaridan xabardor bo‘lishi zarur” – deb o‘tdi o‘qituvchi o‘z ma’ruzasida.
Talabalar mavzuni qiziqish bilan tinglashdi va dars so‘ngida tarqatma materiallar orqali vazifalar bajarishdi.
O‘quv-metodika boshqarmasi metodisti Maftuna Tosheva axboroti