Internet bu illatmi yoki hikmat?

2018 yil 19 yanvar kuni 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari “Axborot kommunikatsya texnologiyalarining yoshlar hayotidagi o‘rni” mavzusida davra suhbati o’tkazdi.

Hozirgi kunda hayotni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tassavur qilish juda qiyin. U barcha sohalarga jadal kirib kelib o‘z imkoniyatlarini namoyon qilmoqda. Bugungi kunda maktab o‘quvchisi, hatto bog‘cha bolasi qo‘lida ham mobil telefon borligi hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Uyali aloqa vositalari, planshet, kompyuter texnologiyalari, internetning imkoniyatlari had-hududsiz ekanligi hammaga ayon. Kundalik turmushimizda oddiy voqelikka aylangan ana shunday zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan jamiyatimizning barcha a‘zolari, jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar unumli foydalanishga intilmoqda. Lekin bu vositalar hozirgi davrda insoniyatning sog‘ligi, tinchligi, erkinligi va kelajagiga tahdid solayotgan jaholat dunyosi uchun ham faol xizmat qilayotganligini unutmasligimiz kerak. Unda savol tug‘iladi: “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, bu foydami yoki zarar?”

“Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari dotsent Matyaqubov B.Sh., dotsent Mamataliyev A.B. va assistent Mardiyev Sh.H. tomonidan tashkil qilingan “Axborot kommunikatsya texnologiyalarining yoshlar hayotidagi o‘rni” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda mazkur savolga  javob izlandi.

Tadbirda dastlab Sh.Mardiyev tomonidan mavzuga doir taqdimot berildi. So‘ngra, dotsent A.Mamataliyev talabalarga axborot kommunikatsya texnologiyalaridan foydalanish tartiblri to‘g‘risida ma’lumotlarni berib o’tdi va yuqorida keltirilgan savol orqali tadbir qatnashchilariga murojaat qildi. Tadbirda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining “oq” va “qora” tomonlari muhokama qilindi. Dotsent B.Matyaqubov hayotiy misollar yordamida masalaga yanada oydinlik kiritdi.

Muhokama so‘ngida tadbirda qatnashgan talabalar “axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining foydali yoki zararliligi unga qanday munosabatda bo‘lish va qanday foydalanishga bog‘liq” degan javobni berishdi. Berilgan javob  barchani quvontirdi. Chunki, bunday xulosa talabalarning sog‘lom fikrga ega ekanligidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda o‘z o‘rni va maqomini to‘g‘ri belgilab olganliklarini bildiradi. Xulosa sifatida quyidagi satrlarni keltirish o‘rinli bo‘ladi:

Illat izlaganga illatdir dunyo,
G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.
Kim neki izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo. 

4-sonli talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov