“O‘g‘itlash mashinalari vazifasi, turlari. Agrotexnik talablar”

         Bugun 23 noyabr 2018 yil birinchi juftlikda Qishloq xo‘jaligi mashinalari kafedrasi mudiri, t.f.d., professor Astanaqulov Komil Dullievich 3 bosqich talabalariga “O‘g‘itlash mashinalari, vazifasi, turlari. Agrotexnik talablar mavzusida” Ochiq ma’ruza mashg‘uloti taqdim etdi. Ma’ruzada Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekani Ulug‘bek Qo‘ziev , kafedra-professor o‘qituvchilari hamda boshqa oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

         Professor ma’ruzani bosqichma-bosqich savol-javoblar asosida boshladi: avvalo talabalarga O‘g‘itlarning turlari va tavsifi haqida quyidagi ma’lumotlarni berib o‘tdi: O‘g‘itlar mineral, organik va organik-mineral (kompost) kabi turlarga bo‘linadi. Mineral o‘g‘itlar sun’iy usulda tayyorlanib, u bir yoki bir nechta kimyoviy elementlardan tarkib topadi. O‘g‘it tarkibida bitta kimyoviy element bo‘lsa oddiy o‘g‘it hisoblanadi, agar o‘g‘itning tarkibida bir nechta kimyoviy element (azot, fosfor, kaliy va boshqa elementlar) bo‘lsa, u to‘la yoki murakkab o‘g‘it deyiladi. Fosforli o‘g‘itlar – oddiy yoki ikkilamchi superfosfatdan granulalangan (donador) yoki kukunlangan ko‘rinishda tayyorlanadi. Uning gigroskopligi past bo‘lib, nam havoda saqlansa ham bir-biriga yopishib qotib qolmaydi. Kaliyli o‘g‘itlar – kaliy xloridi, kaliy tuzlari ko‘rinishida tayyorlanadi. Ular havodagi namlik ta’sirida qotib qolishi mumkin. Azotli o‘g‘itlar – ammiakli selitra, karbamidning gigroskopligi yuqori bo‘lib, ular tezda qotib qoladi. Ammoniy sulfat va xlorli ammoniy xloridining gigroskopligi kamroqdir. So‘nggi vaqtda suvsiz ammiak, ammiakli suv kabi suyuq o‘g‘itlar keng tarqalmoqda. Ulardan suvsiz ammiak o‘ta arzon bo‘lganligi sababli ko‘proq ishlatiladi. Kompleks o‘g‘itlar – (nitrosfoska, ammofos, kaliy selitrasi) tarkibida bir nechta kimyoviy elementlar bo‘lib, ballast aralashmalari ozdir. Kompleks o‘g‘itlar suyuq holda ham tayyorlanadi. Mikro o‘g‘itlar – tarkibida bo‘r, mis, rux, kobalt, molibden kabi elementlar bo‘ladi. Organik o‘g‘itlar – asosan, chorvachilik fermalardan olinadigan go‘ng chirindisi, go‘ng shiltasi hamda turli kompostlardan iborat.           O‘qituvchi o‘g‘itlash usullari va bu jarayonda foydalaniladigan o‘g‘itlash mashinalari haqida ham batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi. Ma’ruza so‘ngida talabalarning ushbu mavzu bo‘yicha olgan bilimlari yuzasidan qisqa savollar berildi.                   

                                                                           O‘quv-uslubiy boshqarma  uslubchisi Maftuna Tosheva axboroti