Ma’naviyatning milliy jilosi

2018 yil 6 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Gidromeliorativ tizimlaridan foydalanish” kafedrasi o‘qituvchi xodimlari Maqsud Sarimsakov, Matluba Muxammadieva, Komil Musaev, Abdusamat Ibodullaev, Hafiza Ibragimova hamda tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Ma’naviyatda milliylik va umuminsoniylik” mavzusida davra suxbati o‘tkazishdi.

Milliy ma’naviyat – muayyan elat, millatga, uning ajdodlariga xos bo‘lgan ruhiy boyligi, uning urf-odatlari, an’analarini mujassamlashtirgan g‘oyat qimmatli ma’naviy boyliklardir.

Mintaqaviy (regional) ma’naviyat – muayyan jug‘rofiy mintaqa millatlariga xos, ular uchun umumiy bo‘lgan ma’naviy boyliklardir. Masalan, Markaziy Osiyo xalqlarining yoki slavyan xalqlarining ma’naviyatidagi yoki yanada kengroq doirada oladigan bo‘lsak, Sharq va G‘arb ma’naviyatidagi mushtaraklik, o‘xshashlikni olishimiz mumkin. Mintaqaviy ma’naviyatda turli elatlarning umumiy birligi, bir-biriga yaqinligi, turmush tarzi va moddiy hayot sharoitlariga xos mushtarak jihatlar namoyon bo‘ladi.

Umuminsoniy ma’naviyat – butun insoniyatga, jahon xalqlariga tegishli bo‘lgan ma’naviy-ahloqiy boyliklardir.

Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 16 yiligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zida ta’kidlaganidek bu borada oldimizdagi turgan eng muhim vazifa: “....yurtimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida totuvlikni, fuqarolararo ahillikni ko‘z qorachig‘iday asrash... jamiyatimizda mehr-oqibat, sahovat va bag‘rikenglik muhitini yanada kuchaytirish har birimizning muhim vazifamiz bo‘lib qolishi darkor”.

Mamlakatimiz aholisining ko‘pchiligini tashkil etuvchi o‘zbek xalqi bilan birga yurtimiz ravnaqi uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan o‘zga millat va elatlarning ham moddiy, tarixiy, ma’naviy qadriyatlarini oqilona va holisona o‘rganish, rivojlantirish, ulardan ijodiy foydalanish jamiyatimiz ma’naviy yuksalishining muhim omilidir.

Shunday qilib, O‘zbekistonda bozor munosabatlari sharoitida millatlararo madaniy-ma’naviy munosabatlarning tobora rivojlanib borishi respublikada ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

 

4 - TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti,

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.