Talabalikning oltin davr deyilishi taralla bedod qilib yurish pallasi degani emas. Kelgusi hayotiga zamin hozirlash uchun o‘qib o‘rganish, el-yurt manfaati uchun xizmatga yaroqli kadr bo‘lib yetishish demakdir. Institut talabalari orasida ijodkor, kitobning chin ma’noda bilim manbai ekanligini his etib kitobxonlik aslida, sharaf ekanligini tuyganlari ham ko‘p.
Ular bilan institutimizning axborot resurs markazida kitob, tafakkur qanoti ekani, nutqiy mahorat egasi bo‘lishning sirlari haqida talaba va ustoz mavzuida telesuhbat tayyorlandi. “O‘zbekiston” telekanalining “Qorachiq” nomli ko‘rsatuvida talabalarning kitobsevarlik ruhida tayyorlanishi o‘z sohasining nazariy va amaliy jihatdan mukammal bo‘lib yetishishining garovi ekani alohida ta’kidlandi.
Institut talabalari, xususan, QXM fakultetining 204 guruh talabasi Ma’ruf Barotovning mulohazalari ko‘pchilikka ma’qul keldi. Institut kutubxonasi talabalar bilan liq to‘la ekani, bo‘sh vaqtini kitob mutolaasi bilan o‘tkazishdari ularga zavq bag‘ishlashini ko‘rgan telekanal ijodiy va texnik xodimlarining “ko‘pgina oliy o‘quv yurtlaridan ko‘rsatuvlar tayyorlab kelayapmiz, lekin kutubxonasi talabalar bilan gavjum bo‘lganlari kam, institutingizdagi bu holatni ko‘rib shod bo‘ldik”,- degan tahsinni eshitish ham g‘oyat maroqli bo‘ldi.
Kitob, ta’lim, tafakkur, nutq san’ati taraqqiyotga mezon ekanligini bilgan talabalarimizning safi kundan kunga ko‘payib borishi yutuqlarimizning muhim omilidir.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti