Suv masalasi - umumbashariy muammo

Bugungi kunda suv muammosi yer yuzi aholisini o‘ylantirayotgan, jiddiy tashvishga solayotgan  muhim masalalardan ekani sir emas. Shuning uchun ham bu borada hamkorlikdan katta natijalar kutish mumkin. Butunjahon bankining suv masalalari bo‘yicha direktori Guan Chje Chen boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 18 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mezanizatsiyalash muhandislari institutiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari institutdagi o‘quv – amaliy laboratoriyalari bilan yaqindan tanishtirildi.

So‘ngra institut rektori mehmonlarni “Innovatsiyalar va ilmiy-tadqiqotlar klasteri” markaziga taklif etdi. U yerda institut magistrantlari, yosh tadqiqotchilar hamda Qozoq-Nemis universitetining yozgi maktab ishtirokchilari mehmonlarni ochiq chehra bilan qarshilashdi. Davra suhbatiga moderatorlik qilgan institut rektori O‘.Umurzakov tashrif buyurgan mehmonlarni qutlab, ishtirokchilar bilan tanishtirdilar. Dastavval, professor Abdulhakim Salohiddinov delegatsiya a’zolariga institut tarixi va bugungi kundagi ilmiy-pedagogik salohiyat, ta’lim tizimi va dasturlar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. 

Delegatsiya rahbari janob Chen esa Butunjahon bankining suv masalalari yuzasidan olib borayotgan islohotlari va loyihalari xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, suv  resurslaridan barqaror foydalanishning ahamiyati, qishloq xo‘jaligi maqsadida istifoda etiladigan suvdan unumli va to‘g‘ri foydalanish, mavjud chuchuk suv miqdorini saqlab qolish va uning mexanizmini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Ayni paytda,  chuchuk suvning ifloslanish darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan davlatlarga Butunjahon banki tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam va loyihalarning dolzarbligi borasida ham e’tiborli mulohazalarni ilgari surdi. Davra suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha delegatsiya a’zolariga murojaat qilishdi va tegishli javoblarni olishdi. Tadbir yakunida delegatsiya a’zolariga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov