“Yangi professional ta’lim tizimining tarkibiy tuzilmasi, mazmuni va faoliyat turlari” mavzusida Ustoz-shogird tizimida BINАR dars tashkil etildi

Bugungi kunda amaliyotning uchta talabidan unumli va o‘rinli foydalana olish bilim, tajriba va ko‘nikmani taqozo etishi tayin. Ijtimoiy masofalanish, uyda qolish va masofadan ishlashga amal qilish asnosida ta’limning masofaviy imkoniyatlaridan foydalanishda ibrat bo‘layotgan ta’lim muassasalari ham kundan kunga ko‘payib borayotgani ahamiyatga molik. Ushbu ma’rifiy maqsadni ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirishda bugungi kunda tobora ommalashib borayotgan Zoom dasturi ancha qo‘l kelmoqda. Bir paytning o‘zida 300 ga yaqin ishtirokchi bilan bog‘lana olish, ma’lumotlar yetkazish, mavzular bo‘yicha savollarga javob berish hamda o‘zaro munozaralarga kirisha olish imkoniyatlari mujassam unda. Ta’lim jarayonining muhimligini, uni talabalar ongiga singdirishdek maqsadga befarq bo‘lmagan pedagoglar jamoasi bu masalada ham ilg‘or.

Mana, bir necha haftadirki, deyarlik har kuni talaba va pedagoglar bilan o‘quv fanlari bo‘yicha shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda masofaviy dars va suhbatlarni uyushtirishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi yetakchilikni qo‘ldan berishmayapti. Ular tomonidan haligina soat 11.00.da tashkil etilgan “Gidromelioratsiya” fakultetining Kasb ta’limi yo‘nalishi 318-guruh talabalari bilan “Kasb ta’limi metodikasi” fanidan “Yangi professional ta’lim tizimining tarkibiy tuzilmasi, mazmuni va faoliyat turlari” mavzusida Ustoz-shogird tizimida BINAR dars tashkil etildi. Bu haqda bir hafta oldin e’lon berilgani ham mohiyatlidir. Video mashg‘ulotga barcha professor-o‘qituvchilar va qiziquvchilar taklif etilgandi.

“Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi Ismoilova Zuhra Karaboevna mavzu yuzasidan ma’lumot berdi. Institutimizning 3-kurs talabasi, prezident stipendianti Sohiba Imomalieva moderator sifatida faoliyat yuritdi. Mavzu yuzasidan savol va ma’lumotlar berib suhbatga jon kiritgan institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori R. Choriev va prof.v.b. B. Matyakubovlar jonbozlik ko‘rsatishdi. Keyingi galgi Zoom dasturi orqali chiqishlarda respublikamizda o‘z qobiliyatlari va faoliyati bilan keng jamoatchilikka yaxshi tanish va o‘rnak bo‘lib kelayotgan taniqli san’at va madaniyat xodimlari, shoir va yozuvchilar, ibratli, iqtidorli mashhur insonlar bilan jonli muloqotlarni tashkil etish ham rejalashtirib olindi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati