MChJ da amaliyot darslari

Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, ishlab chiqarish va boshqa korxonalarda talabalar amaliyotini tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishni o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish dolzarb vazifalardan ekani ma’lum.   Xuddi shu maqsadda “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi  dotsenti M.Abduqodirova, “Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ rahbari M.Abbasxanov hamda yetakchi ilmiy xodim J.Durxodjaevlar bilan birgalikda «Gidromelioratsiya» fakulteti 5450700 - Suv ta’minoti muhandislik tizimlari ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich 306-guruh talabalari bilan 2021-yil fevral oyidan boshlab haftada bir kun amaliy darslarni o‘tib kelishmoqda.

“Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ rahbari M.Abbasxanov “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi  va talabalariga nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lashga, ishlab chiqarish korxonasidagi darslarni yuqori saviyada tashkil etish va ko‘chma darslar uchun transport vositalari bilan ta’minlashda katta amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarning uzviy natijasi sifatida joriy yilning 27- fevral kuni “Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ tasarrufidagi “Qodiriya bosh suv olish inshooti” hamda “Qibray suv olish inshooti” da ko‘chma dars tashkil qilinib, talabalarga ochiq va yopiq usulda suv olish inshootlari va texnologiyalari hamda ularni ekspluatatsiya qilish  borasida ilmiy-amaliy bilimlar berildi. Korxona rahbari va tajribali mutaxassislar talabalarni qiziktirgan barcha savollarga “master klass” usulida amaliyotda bajarib javoblar berdilar.

TIQXMMI matbuot xizmati