Joriy yilning 2-aprel kuni “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti 1-kurs talabalari (jami 215 ta) va gurux murabbiylari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida talabalar milliy ma’naviyatimizning takomil bosqichlarida asosiy o‘rin tutuvchi o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti va yozma adabiyotining tarixan shakllangan adabiy maktablari, buyuk ajdodlarimizning badiiy so‘z san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilmiy merosi, o‘zbek folklori va adabiyotining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, boshqa xalqlar adabiyotlari bilan aloqalari, folklor va adabiyotning rivojlanish istiqbollari bilan tanishdilar. Bu bilan yosh avlod o‘rtasida vatanparvarlik, ajdodlar merosiga vorislik, azaliy an’analarga sodiqlik, kelajakka ishonch g‘oyalarini o‘rgandilar.
Ayniqsa talaba yoshlarimiz o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti durdonalari, yozma adabiyotining qadimgi davrdan shu kungacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot bosqichlari, o‘zbek adabiyoti bilan bog‘liq yangi kashf etilgan manba, arxiv hujjatlari va tarixiy ashyolar, muzey fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning qo‘lyozmalari, muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi o‘zbek folklori va adabiyoti bilan bog‘liq turli hujjatlar, eksponatlar va boshqa ashyolari bilan yaqindan tanishdilar. Talaba yoshlarimiz bu tashrifdan juda katta ma’lumotlar bilan o‘z bilimlarini boyitib oldilar.
YBIB bo‘yicha dekan muovini K.Usmonov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati