Talabalar maktabda

Ilm egallash ham farz, ham savob. Ilmni o'zgalarga ulashish esa ikki karra savob, qolaversa, ulkan sharaf hamdir. “Ustoz otangdek ulug'” deb bejiz uqtirilmaydi, albatta. O'z ilmini o'zgalarga yetkazish mashaqqatini, yukini har kim ham ko'tara olmaydi. "Gidromelioratsiya" fakulteti 3-bosqich “Suv xo'jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo'nalishi 307-guruhning faol talabalari Azizbek Hasanov, Jahongir Muxtorov va Ma’ruf Mahamadaminovlar shaxsiy tashabbuslari bilan Shayxontohur tumanida joylashgan 84-umumiy o'rta ta’lim maktabi 3-sinf o'quvchilari uchun “Suv va suvning qadri” mavzusida qiziqarli ochiq dars tashkil etishdi.

O'tkazilgan ochiq dars davomida o'quvchilarga bugungi kunda kuzatilayotgan suv bilan bog'liq vaziyatlar, toza ichimlik suvining taqchilligi, suvdan tejab, isrof va iflos qilmasdan foydalanish xususidagi ma’lumotlar sodda va ravon qilib yetkazildi. Mavzuga doir videoroliklar va rasmlar taqdim etildi. Dars yakunida esa o'quvchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga talabalardan atroflicha javob oldilar.

Tashkil etilgan ochiq darsdan o'quvchilar ham, talabalar ham, maktab rahbariyati ham mamnun bo'ldi. Kelgusida shunday darslar tashkil etilishini an’anaga aylantirishga kelishib olindi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati